Cog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, ushbu moliya muassasasining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha katta mutaxassisi Elvira Anadolu va boshqa mas’ullar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda tibbiyot sohasida olib borilayotgan hamkorlik istiqbollari haqida so‘z borgan.

Qayd etilganidek, bugun O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar turli sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, tibbiyot tizimi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan qator loyiha va dasturlar sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, elektron sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, shifokor va hamshiralar malakasini oshirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 2 iyuldagi tegishli qaroriga ko‘ra, mamlakatimizda mazkur xalqaro moliya muassasasi ishtirokida “O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasi keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida yurtimizda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarining bosqichma-bosqich tashkil etilishi karantin davrida va undan keyingi holatlarda aholi salomatligini tiklashda asosiy omillardan biri bo‘ldi.

Chunonchi, ushbu tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Jahon banki mablag‘lari hisobidan multispiral kompyuter tomografiyasi, zamonaviy rentgen-diagnostika uskunasi, gemodializ, videogastroskop va videobronxoskop kabi zamonaviy apparatlar olib kelib, o‘rnatildi.

Shuningdek, ushbu bank shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish, RSHTYOIM va uning filiallari o‘rtasida teletibbiyotni yo‘lga qo‘yish uchun ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish jarayonida ham faol ishtirok etmoqda.

Qolaversa, mazkur muassasa mablag‘lari hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM)ning 75 o‘rinli yangi xirurgiya korpusining jihozlanishi bu yerda xorij tajribasi asosida yuqori texnologik noyob operatsiyalar bajarish, malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qilayotir.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyihalar ijrosini ta’minlash, kelgusida yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini butunlay yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.


O‘zA