Ozarbayjon tarixida XX asrning so‘nggi 30 yillari va XXI asr boshlari alohida o‘rin tutadi. Ikki xil ijtimoiy-siyosiy bosqichdan o‘tgan Ozarbayjon tarixi Haydar Aliyev nomi bilan bog‘liq. Davlatchilikni asrab-avaylash, mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilgan, bu yil yuz yilligi nishonlanayotgan buyuk davlat arbobi, tajribali siyosatchi, donishmand rahbar, teran zakovat sohibi Haydar Aliyevning hayoti va faoliyati hozirgi zamonamizning muhim tarixiy bosqichini tashkil etadi.

Professional siyosatchi, jahonga mashhur davlat va jamoat-siyosiy arbob sifatida Haydar Aliyev 1969-1982-yillarda Ozarbayjon Sovet Sotsialistik Respublikasi rahbari, 1993 yildan mustaqil Ozarbayjon Respublikasi rahbari sifatida tan olingan.

Yaqinda Ozarbayjon Davlat axborot agentligi – AZERTAJda ozarbayjonlik ziyoli ayol, tarixchi-olim, pedagog va jamoat arbobi, Boku davlat universitetining Kavkaz xalqlari tarixi kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor, Ozarbayjon Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Irada Huseynovaning «Gaydar Aliyev xotiralarida…» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. I.Huseynova maqolada uning siymosiga o‘z chizgilarini beradi.

“Daho Haydar Aliyev bilan birinchi uchrashuvimni yaxshi eslayman. 1981 yil 10 oktyabrda men, 18 yoshli talaba, Respublika saroyida o‘sha ulug‘ zot oldida so‘zlashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Tarix fakultetining 2-kursida o‘qirdim, a’lochi talaba edim. O‘shanda bizni paxta terimiga Agsu viloyatiga yuborishgan edi. Men rahbarlik qilgan guruh respublikamizdagi barcha oliy maktablar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Qaytganingizdan so‘ng, sizni Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Komitetiga chaqirib, ertaga Butunittifoq qishloq xo‘jaligi kuniga bag‘ishlangan umum respublika yig‘ilishida nutq so‘zlash kerakligini aytishdi. O‘sha yig‘ilishda men Qishloq xo‘jaligi vaziri Mammad Asgarov, xalq shoiri Baxtiyor Vahobzoda va Ozarbayjon yoshlari nomidan so‘zlaganman. Markaziy Komitetning birinchi kotibi Haydar Aliyev meni diqqat bilan tinglardi va mening nutqim uni juda qiziqtirganini his qildim. Nutqimdan keyin u faoliyatim bilan qiziqdi. O‘sha kun mening hayotimdagi burilish nuqtasi bo‘ldi.

Shu paytdan boshlab mening boy ijtimoiy faoliyatim boshlandi. Aynan Haydar Aliyevning bevosita shaxsiy tashabbusi bilan men ilg‘or va barkamol yoshlardan biri sifatida respublika va ittifoq miqyosida ko‘plab nufuzli yig‘ilishlarda qatnashdim. Ozarbayjon Respublikasi kasaba uyushmasining 16, 17 va 17, SSSR kasaba uyushmasining 17 va 18 qurultoylarida vakil etib saylanganman. 1982-1987 yillarda SSSR kasaba uyushmalari markaziy taftish komissiyasi Prezidiumi a’zosi bo‘lib, Ozarbayjonni ittifoq darajasida tamsil qilganman. Bu men uchun boy tajriba maktabi bo‘ldi. Buning poydevorini buyuk tarixiy shaxs, daho Haydar Aliyev qo‘ygan.

O‘sha davrda ham Haydar Aliyev misolida yoshlarga ko‘rsatilgan doimiy g‘amxo‘rlikning jonli guvohi bo‘lganman. Bu buyuk shaxsning bilim va mahoratidan hayratda qoldim. Ozarbayjon mustaqilligi sharoitida ham Haydar Aliyevning menga bo‘lgan e’tiborini doimo his qilib kelganman. Umuman olganda, Haydar Aliyev o‘z tashabbusi bilan tanlagan kadrlarga doimo e’tibor qaratgan noyob davlat rahbarlaridan biridir.

Qirg‘iziston Prezidenti Asqar Akayev Boku davlat universitetiga kelganida, men bir vaqtning o‘zida davlat rahbari nutqini ozarbayjon tilidan rus tiliga tarjima qildim. Marosim tugagach, zal sahnasida, tadbir ishtirokchilari oldida meni Haydar Aliyev kutib oldi va shunday dedi: — Men sizni tanidim. Respublika saroyida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi kuniga bag‘ishlangan umumrespublika yig‘ilishida so‘zlagan o‘sha talaba qizsiz, notiqlik qobiliyatingiz zo‘r. Siz iqtidorli qizsiz. Hozir qayerda ishlaysiz?

— Men universitet dotsentiman, janob Prezident! – javob berdim.

Haydar Aliyev “Sizga muvaffaqiyat tilayman”, deb xayrlashdi.

Atoqli davlat va siyosiy arbob Haydar Aliyev bilan navbatdagi uchrashuvim 1998 yilda bo‘lib o‘tdi. Xullas, xalqimizning ulug‘, qahramon farzandi Haydar Aliyev oldida yana so‘zlashish baxtiga muyassar bo‘ldim. 1998 yil 21 noyabrda Yangi Ozarbayjon partiyasi tashkil topganining 6 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda Ozarbayjon xotin-qizlari nomidan Respublika saroyidagi o‘rindiqdan so‘zladim.

Men hamisha Ozarbayjonning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol pozitsiyam bilan ajralib turishga, Ozarbayjon davlatchiligi rivojida o‘z xizmatlarimni ko‘rsatishga harakat qilganman. 1999-2021 yillarda Yangi Ozarbayjon partiyasi (YAP) Siyosiy Kengashi a’zosi, Boku davlat universiteti qoshidagi YAP Xotin-qizlar kengashi raisi, 2014 yil fevraldan YAP gumanitar masalalar bo‘yicha komissiyasi raisi o‘rinbosari, 2014 yil may oyida YAP Respublika Xotin-qizlar Kengashi va Boshqaruv Kengashiga a’zo etib saylandim.

2000 yil noyabr oyida Milliy Majlisga saylovda proporsional tizim bo‘yicha YAP ro‘yxatiga nomzod qilib ko‘rsatildim. 2002 yilda Buyuk Yo‘lboshchi Haydar Aliyev meni ikki marta – 6 va 7 avgust kunlari qabul qildi. Haydar Aliyevning qabulida bo‘lganim, o‘sha donishmand bilan muloqot hayotimning eng qimmatli sahifalaridan bo‘ldi. Qabulxonaga borganimda, oyog‘im uyushib, gapimni yo‘qotib qo‘yaman, deb o‘yladim. Biroq, Haydar Aliyevning kabinetiga kirishim bilanoq yuqori samimiyatga duch keldim. U meni otalarcha mehr bilan qabul qildi, diqqat bilan tingladi, savollar berdi, qiziqarli fikrlar almashdik. Men ikki tarixiy kunni boshdan kechirdim!

O‘sha ulug‘ zot meni 2002 yil 7 avgustda ta’lim vaziri o‘rinbosari etib tayinladi. Bu lavozimda 2002-2011 yillarda ishlaganman. Men qudratli tarixiy shaxs tomonidan ko‘rsatilgan ishonchni oqlashga harakat qildim. Haydar Aliyev siyosatini, uning yorqin g‘oyalarini ta’lim tizimiga tatbiq eta oldik.

Men Haydar Aliyev hayotligida uning duosi bilan Ozarbayjonda birinchi marta «Mustaqil Ozarbayjon davlatini barpo etish va mustahkamlashda Haydar Aliyevning roli» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yaratganim va himoya qilganimdan faxrlanaman. Ushbu doktorlik dissertatsiyasining himoyasi bilan fanning yangi yo‘nalishi – Aliyevshunoslik fanining poydevori qo‘yildi. Shu bilan birga, men umummilliy lider Haydar Aliyevning bevosita faoliyatiga bag‘ishlangan qator ilmiy monografiyalar va o‘quv qo‘llanmalar muallifiman.

Darhaqiqat, XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asr boshlarining butun bir bosqichi tarixshunosligimizda Haydar Aliyev davri sifatida qabul qilinadi va e’tirof etiladi. Haydar Aliyevning Ozarbayjon tarixidagi o‘rni va mavqeini o‘rganish allaqachon tarixiy zarurat edi. Lekin men bu mavzuga murojaat qilganimda, Haydar Aliyevning boy davlatchilik va siyosiy faoliyatini ilmiy tadqiq qilish alohida ilmiy tadqiqot ob’ekti emas edi.

Dissertatsiya ishimni yakunlab, taqdim etar ekanman, Haydar Aliyevning merosi dengiz, oxiri ko‘rinmaydigan Ummon ekanligini bir haqiqatni angladim. Xalqimizning milliy boyligi bo‘lgan ushbu boy xazinani o‘rganish borasidagi ishimdan asosiy maqsad – tarixiy faktlar va boy arxiv materiallari asosida Haydar Aliyevning mustaqil Ozarbayjon Respublikasini barpo etish va mustahkamlashdagi o‘rnini ko‘rsatishdan iborat edi.

Men Rossiya Federatsiyasi va Ozarbayjon Respublikasi davlat arxivlaridan, jumladan, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi va Naxchivan Muxtor Respublikasi Oliy Majlisi arxivlari, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa muassasalar arxivlaridan foydalanganman.

Haydar Aliyevning boy davlatchilik va siyosiy faoliyati haqida unga bag‘ishlangan qator ilmiy monografiyalardan ham bilib olish mumkin. Men o‘z tadqiqotimda tarixshunoslikda ilk bor Haydar Aliyevning shaxsiy arxivini ilmiy muomalaga kiritdim. Haydar Aliyevning menga ishonib topshirilgan shaxsiy arxivi ilmiy izlanishlarimni yanada boyitdi va rang-barang qildi. Ilmiy izlanishlarimda Haydar Aliyevning 1941-2003 yillardagi faoliyati yoritilib, uning siyosiy va davlatchilik faoliyatining barcha davrlari kompleks va tizimli tarzda tahlil qilinadi, umumlashtiriladi va ilmiy asoslanadi.

Haydar Aliyevning bitmas-tuganmas aql-zakovati, keng dunyoqarashi, tahliliy tafakkuri, boy tajribasi, teran tafakkuri, donishmandligi hamisha yo‘limizni yoritib boradigan mayoq. Uning milliy qadriyatlar, insonga g‘amxo‘rlik, Vatanga muhabbat, o‘z xalqiga sadoqat, davlatchiligimiz uchun og‘ir davrda qat’iyati, taqdirni hal qiladigan daqiqalarda jonini xavf ostiga qo‘yib, el-yurtni qutqarish yo‘lida tarixiy qarorlar qabul qilishi, sharafli vazifalarni ado etishi, Ozarbayjon tarixidagi najotkorlik missiyasini bajarish burchi, murakkab sharoitlarda to‘g‘ri yo‘l topish qobiliyati unga Yaratgan tomonidan berilgan ilohiy ne’mat edi.

Men Haydar Aliyevning katta tajriba va hayot maktabidan o‘tganim va shu maktab bitiruvchisi ekanligimdan faxrlanaman! Ana shunday maktabda siz umr bo‘yi tinim bilmay tahsil olasiz, jamiyat va o‘zingiz uchun foydali bo‘lgan muhim fanlarni o‘rganasiz, milliy-ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni egallaysiz, bu yuksak g‘oyalar hayotda ro‘yobga chiqishining tirik guvohiga aylanasiz. Men butun ongli hayotim davomida Haydar Aliyev g‘oyalariga sadoqat bilan xizmat qilish ishlari bilan yashashni o‘zimning ma’naviy burchim deb bildim. Haydar Aliyevning hayoti va faoliyati har bir inson uchun ibratdir.

Men Ozarbayjonimizning kelajagiga qattiq ishonaman. Chunki bugun Haydar Aliyev g‘oyalarini yuksak saviyada hayotga tatbiq etuvchi, uning siyosiy yo‘lini davom ettirayotgan qobiliyatli, professional, qudratli rahbar Ilhom Aliyev bor. Ozarbayjon davlatchiligini mustahkamlashda, hududiy yaxlitligimizni ta’minlashda, mamlakat manfaatlarini himoya qilishda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Ilhom Aliyev mardonavor ish olib bormoqda.

 

Abduvali Soyibnazarov tarjimasi