Bugun tongda Turkiyaning ko‘plab mintaqalarida zilzila qayd etildi. Turli axborot vositalarida vayronagarchiliklar haqida xabarlar tarqalmoqda. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi(O‘FA) xabariga ko‘ra, ayni kunlarda Turkiyada 15 ga yaqin turli yoshdagi jamoalar, klublar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. O‘FA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular bilan doimiy muloqot o‘rnatilgan. Zilzila oqibatida vakillarimizga zarar yetmagan.

Shuningdek, Istanbulda para taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan “Prezident kubogi” turnirida qatnashgan mamlakatimiz sportchilari ham sog‘-salomat ekanligi haqida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi xabar berdi. Para taekvondochilarimiz o‘tkazilgan bahslarda 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, medallarni qo‘lga kiritdi. Endi Bobur Qo‘ziyev murabbiyligidagi matonatli sportchilarimiz ertaga 7 fevral kuni boshlanadigan “Turkish open” turniridagi ishtirokini boshlaydi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi xabariga ko‘ra, Turkiyaning turli shahar va muzofotlarida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida, musobaqalarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston sport jamoalariga shikast yetmagan. Sport jamoalarimizning holati doimiy tarzda nazorat qilib borilmoqda.

 

T. Ro‘ziyev,  

O‘zA