Kuni kecha Prezidentimiz rasmiy davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘lib qaytdi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari o‘rtasida doimiy do‘stona aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi globallashuv jarayonida esa parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, bu boradagi o‘zaro tajribani o‘rganish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan ekspertlarning fikrlari, taklif va tavsiyalarini olish, tahlil va muhokama qilish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Aynan shu maqsadda Oliy Majlis Senatida “O‘zbekiston – Qirg‘iziston: o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati davomida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Botir Matmuratov, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Tolibjon Madumarov va Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Anvar Tuychiyev ma’ruza qildi.

Xususan, tadbir davomida 1993 yilda O‘zbekiston va Kirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘zaro manfaatli siyosiy va iqtisodiy sheriklik yo‘lga qo‘yilgani, shu yil 26-27 yanvar kunlari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

O‘z navbatida, senator A.Tuychiyev O‘zbekiston tashqi siyosati borasida chet el mamlakatlari, birinchi galda qo‘shni davlatlar bilan ochiq, konstruktiv, o‘zaro manfaatlarga asoslangan islohotlarni amalga oshirayotgani, bu o‘z navbatida, Markaziy Osiyo mintaqasida yangi siyosiy muhit yaratilishiga xizmat qilib, parlamentlararo aloqalarda ham o‘z aksini topayotgani, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlararo hamkorligi turli yo‘nalishlarni qamrab olgan holda jadal taraqqiy etayotganiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, M.Qodirxonova barcha sohada ayollarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglik masalalarida ikki parlament o‘rtasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan faoliyat natijalariga barchaning e’tiborini qaratdi.

Ma’ruzalardan so‘ng Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Qirg‘iziston Respublikasi parlamenti” to‘plami taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur to‘plamda Qirg‘iziston parlamenti, uning boshqaruv apparati, qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyasi faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga doir o‘rganishlar natijalari o‘z ifodasini topgani qayd etildi.

 

O‘zA