Birlashgan Arab Amirliklarning yetakchi rasmiy axborot agentligi – “WAM” sayti, mamlakatning “Al-Xalij” nashri va boshqa ko‘plab OAV sahifalarida ayni kunlarda ushbu davlatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirokidagi tadbirlar keng yoritilmoqda. Jumladan, Shayx Zayd masjidi ziyorati davomida majmua bosh direktori doktor Yusuf Al-Obaydliy delegatsiyaga masjidning tarixi va ta’rifi haqida ma’lumot berib, o‘zbekistonlik martabali mehmonga markaz nashri – “Nur fazolari” kitobini sovg‘a qildi. BAA Xotin-qizlar ittifoqi raisi, Onalik va bolalik masalasi bo‘yicha Oliy kengash rahbari, Shayxa Fotima bint Muborak bilan muloqotiga ham matbuotda keng o‘rin ajratilgan. “Al-Bahr” saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni aks ettirgan samimiy suhbat kechdi. Materiallarda O‘zbekiston va BAA ayollar, bolalik va oila masalalari bilan shug‘ullanuvchi muassasa, idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyati muhokama etilganiga e’tibor qaratilgan.

BAA OAV e’tiroficha, T.Norboyeva BAAning ayollar huquqini ta’minlash borasidagi yutuqlarini yuqori baholagan. Davlat tomonidan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni tarbiyalash va kelajakka tayyorlash, yoshlar huquqini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni urg‘ulagan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA