2023 yil 1 yanvar holatida Rossiya aholisi 146,424 million kishini tashkil etdi, bu avvalgi yil bilan taqqoslaganda 555 ming kishiga kam, deyiladi «Sinxua» agentligining Rosstat ma’lumotlariga tayanib bergan xabarida.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada shahar aholisi 109,6 million kishini tashkil etadi, qishloqda esa 36,8 million kishi yashashi ta’kidlanmoqda.

Markaziy federal okrugda 40 million kishi yashamoqda, ulardan 13 millioni Moskvada istiqomat qiladi. Shimoli-g‘arbiy federal okrugida 13,6 million kishi doimiy yashaydi, qariyb 5,6 million kishi Sankt-Peterburg shahri aholisi hisoblanadi.

Rossiyada hozirgi paytda aholisi million kishidan ortiq shaharlar soni 16 taga yetgan. Ularning eng yirigi Moskva, Sankt-Peterburg va Novosibirsk shaharlari hisoblanadi.