Yaqinda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari tomonidan dunyo fani uchun yangi bo‘lgan ikkita o‘simlik turi kashf etildi.

Xo‘sh, bu o‘simliklarning fan uchun noyobligi nimada? Ularni xalqaro hamjamiyat qanday qabul qildi?

Fanlar akademiyasi Botanika instituti O‘zbekiston florasi laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari doktori, akademik Komiljon Tojiboyevdan yuqoridagi savollarga javob oldik.

– Yurtimiz hududidan aniqlangan yangi o‘simlik turlari bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijasi haqida gapirib o‘tsangiz.

 2022 yilda Botanika instituti, jumladan O‘zbekiston florasi laboratoriyasida olib borilgan dala tadqiqotlari sermahsul natijalar bilan yakunlandi. Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlarining tog‘li hududlaridan fan uchun noma’lum bo‘lgan ikkita  yangi o‘simlik turlari borligini aniqladik.

Birinchisi, Surxondaryo viloyatidagi Bobotog‘ tizmasining Zarkosa cho‘qqisidan Piyoz (Allium L.) turkumiga mansub bo‘lgan o‘simlik turi, ikkinchisi Soyabonguldoshlar (Apiaceae) oilasiga mansub o‘simlik aniqlandi.

– Bobotog‘dan topilgan o‘simlikning ko‘rinishi qanday? O‘zimiz yetishtiradigan piyozga o‘xshaydimi?

 Xonadonda yetishtiriladigan piyozning bo‘yi ancha baland, guli oq, yirik, poyalari baquvvat va yashil rangda bo‘lsa, bu o‘simlik ham umumiy holatda shu ko‘rinishni eslatadi. Lekin uning bo‘yi 15-20 santimetr,  atrofida, gullari mayda va pushti rangda. Uning eng yaqin qardosh turlari Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda o‘sadi. Bobotog‘dan topilgan bu yangi o‘simlik turiga yurtimizning boyligi sifatida qaraymiz. Navbatdagi tadqiqotlarimizda Bobotog‘dek suvsiz, qurg‘oqchil hududda bunday o‘simliklar 100 yildan so‘ng mavjud tabiiy va antropogen omillar ta’sirida saqlanib qoladimi, shular to‘g‘risida bosh qotiryapmiz.

– Mazkur yovvoyi piyoz Bobotog‘da ilgaridan bo‘lganmi yoki urug‘lari qayerdandir kelib qolganmi? 

 Yurtimizning tog‘li qismi global darajada yovvoyi piyozlarning kelib chiqish markazlaridan biri hisoblanadi. Bu o‘simlik xalqning ko‘z o‘ngida o‘sib turgan, mahalliy aholi uni yovvoyi piyozlar qatoriga qo‘shib kelgan. Lekin aniq bir nom bilan hozirgacha ajratilmagan va qolgan o‘nlab turlar qatorida “tog‘ piyoz” sifatida qarab kelingan.

Bu o‘simlik turining birinchi kashfiyotchilari laboratoriyamizning yosh olimlaridan Sardorjon Po‘latov hisoblanadi. Dunyo miqyosida yovvoyi piyoz turlari bilan ishlaydigan professor Furqat Hasanov yangi topilmani biologik tur sifatida rasmiylashtirdi. O‘simlik turi ustida molekulyar genetik tadqiqot o‘tkazgan yosh olim, laboratoriya mudiri Ziyovuddin Yusupov va men bu tadqiqot ustida ishlayapmiz.

– Buning fan uchun yangi o‘simlik ekani qanday tasdiqlandi?

– Bu jarayon ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Avval o‘simlikning tashqi ko‘rinishi, jumladan gullari, poyasi, bargi va xususiyatlari o‘rganiladi va fanga ma’lum bo‘lgan boshqa turlardan farqlari aniqlanadi. Keyingi bosqichda ushbu o‘simlik ustida molekulyar-genetik tadqiqotlar o‘tkaziladi. Mavjud qarindoshlari bilan solishtirib, shajara daraxti yasalganda  o‘simlik turi yangi ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Natijada nufuzli xalqaro jurnallarda chop etiladi. Shunday qilib bu o‘simlik fanga kirib keldi.

Bu o‘simlik turi haqida botanika nomenklaturasining tartib qoidalari asosida maqola tayyorlanib, Bolgariyadagi PhytoKeys jurnalida chop etildi. Xalqaro hamjamiyat yetakchi piyozshunos olimlari tomonidan yangi o‘simlik turi botanika olamidagi kashfiyot sifatida tan olingach, maqola chop etildi.

– Bu o‘simlikning odamlar uchun foydali xususiyatlari qanday aniqlanadi?

 Hozirgi kunda oldimizdagi eng dolzarb masalalardan biri yovvoyi piyoz o‘simligining Bobotog‘dan boshqa hududlarda bor yoki yo‘qligini o‘rganib, mahalliy aholi hamda tabiblar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, fanga ma’lum bo‘lmagan xossalari haqida ma’lumot yig‘ishdan iborat. Undan keyin bu o‘simlikning dorivorlik yoki boshqa foydali xususiyatlari aniqlanadi.

2023 yilda olib borgan tadqiqotlarimiz bu o‘simlik turi tabiatda kamyob ekanligini ko‘rsatsa, uni O‘zbekiston Respublikasining qizil kitobiga kiritish chora-tadbirlarini ko‘ramiz.

– Keyingi yangi o‘simlik turi haqida to‘xtalsangiz. U qaysi hududlarda aniqlandi?

 Keyingi o‘simlik turi Soyabonguldoshlar oilasiga mansub bo‘lib,  uni men 2016 yilda Qurama tizmasining Pop tumanidagi qismida olib borgan izlanishlarda topganman. Ammo bu o‘simlik hali gullamagani va mevalar namunasi bo‘lmagani uchun hamma harakatlarim zoye ketgan.

Izlagan imkon topadi, deb xalqimiz bejiz aytmagan. Ilmda o‘z o‘rnimni topaman, shu soha rivojlanishiga hissamni qo‘shaman, rivojlantiraman degan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan olim g‘oya, nazariya va oriyat uchun kurashadigan bo‘lib qoladi. Shu o‘simlikni topish ishtiyoqi menga tinchlik bermadi. 2017-18 yillarda yana Qamchiq dovoni va Chodaksoy qismidan o‘simlik turini qidirdim. Nihoyat 2018 yilda o‘simlikning gullagan va mevalagan namunalarini topdim.

Moskva davlat universitetining Botanika bog‘ida O‘rta Osiyo florasidagi Soyabonguldoshlar bilan o‘tgan asrning 70-yillaridan ishlab kelayotgan professor bilan ushbu o‘simlikning tashqi ko‘rinishi, poya va mevasining ichki anatomik tuzilishi hamda molekulyar-genetik xossalari ustida ish olib bordik. 2020 yilda yangi o‘simlik turi Jo‘yakmeva (Aulacospermum Ledeb.) turkumiga mansub o‘simlik ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bu o‘simlik O‘rta Osiyo, Eron yoki Afg‘onistonda mavjud bo‘lgan qarindoshlaridan ko‘p poyaliligi, gulining och-sarg‘ish rangda bo‘lishi hamda mevasining shakli bilan farq qiladi. Tahlillarning bir qismi O‘zbekistonda bir qismi Moskvada olib borildi. Nihoyat joriy yilning yanvar oyida botanika fanidagi eng nufuzli hisoblangan “Phytotaxa” jurnalida maqola chop etilib, yangi o‘simlik jahon hamjamiyatiga e’lon qilindi.

Bu ikki yangi o‘simlikni fanga biz botaniklar olib kirdik. Endi kimyogarlar uning kimyoviy tarkibini, farmatsevtlar dorivor xususiyatlarini o‘rganishi maqsadga muvofiq. Ammo bunday tadqiqotlar olib borishga hali biroz erta. Sababi kichkinagina hududda kamgina sonda o‘sayotgan o‘simlikni kimyoviy tahlil uchun tabiatdan ajratib oladigan bo‘lsak, bu o‘simlik turini yo‘qotib qo‘yishimiz ham mumkin.

Yurtimizda 4 ming 400 atrofida ro‘yxatdan o‘tgan yovvoyi o‘simlik turlari bor. Bu ko‘rsatkich yana o‘sishi bashorat qilinmoqda. Chunki yurtimizning betakror tabiati, o‘ziga xos landshaftlari yangi kashfiyotchilarni kutib turibdi. O‘zbekiston o‘zining G‘arbiy Tyan-Shandagi Chotqol, Qurama, Ugam va Piskom, Pomir Oloydagi Nurota Zarafshon, Hisor, Turkiston singari osmono‘par tog‘lari, mamlakatimizning 80 foiz hududini egallovchi Qizilqum-Ustyurt cho‘llari yangi o‘simliklar dunyosiga ega.

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi.

O‘zA