Dushanbe shahrida O‘zbekiston-Tojikiston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi yakunlandi.

23-30 yanvar kunlari tomonlar davlatlararo chegaraning loyiha-demarkatsiya chizig‘ini o‘tkazish masalasini, shuningdek, demarkatsiya xaritasi tuzishning texnologik jarayonini muhokama qildi.

Muloqot do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik muhitida o‘tdi. Tadbir yakunida tegishli Bayonnoma imzolandi.

Ishchi guruhlarning avvalgi yig‘ilishi 2022 yil 12-17 dekabr kunlari Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Navbatdagi uchrashuv ham yurtimizda tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 16-21 yanvar kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan Davlatlararo chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston qo‘shma hukumatlararo komissiyasi ishchi guruhlari yig‘ilishida davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya qo‘shma majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ko‘rib chiqilgan edi.

O‘zA