NATO Eron, Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya aloqalari kuchayib borayotganidan tashvishlanmoqda, deb yozdi “IRNA news” agentligi.

Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) Bosh kotibi Mark Ryutte ushbu to‘rt mamlakat o‘rtasidagi kengayib borayotgan iqtisodiy va harbiy hamkorlikdan xavotir bildirib, holatni “xavfli va tahdidli” deb atadi.

– Mazkur davlatlar o‘zaro munosabati nafaqat Yevropa, balki Hind-Tinch okeani va Shimoliy Amerikaning tinchligi, xavfsizligiga ham tahdid solmoqda, – degan u seshanba kuni.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokara oldidan so‘z olgan Ryutte KXDR va Islom Respublikasining RFga harbiy yordami jiddiy xavf ekanini ta’kidlagan.

– Shu bilan birga XXR Rossiya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlab, ushbu mamlakat mudofaa sanoatiga keng imkoniyat eshigini ochmoqda, – dedi bosh kotib. – Qolaversa, Xitoy butun dunyo bo‘ylab o‘z kuch-qudratini oshirmoqda.

G‘arb harbiy alyansi rahbari Amerikaning keyingi ma’muriyatiga yuborgan xabarida saylangan Prezident Donald Tramp lavozimini egallashga tayyorlanarkan, Transatlantik birlikni asrash va Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligiga urg‘u bergan.

Tramp esa bir necha bor G‘arbning Kiyevga ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli yordamini tanqid qilib, Ukrainadagi mojaroga tez orada barham berishini aytgan. Uning prezidentlik saylovidagi g‘alabasi Vashington ittifoqchilarida Amerika kelajakda Ukrainaga qay darajada yordam berishi yuzasidan xavotir uyg‘otmoqda.

NATO rahbari tuzilma a’zolaridan “shu yo‘lda qolish va Ukrainani saqlash uchun ko‘proq harakat qilish”ni so‘rab, “Biz Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchun urush qiymatini oshirishimiz kerak”, dedi.