Hozirgi kunga kelib Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash dinamikasi o‘sib bormoqda. Ahamiyatli jihati uning hajmi 2022 yilda 15,7 foizga oshib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo hajmi bo‘yicha yetakchi beshtaligiga Germaniya, Litva, Italiya, Polsha va Fransiya kiradi. O‘sish tendentsiyalari, boshqa jihatlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonning GSP+ preferensiyalar tizimining benefitsiari maqomiga ega bo‘lgani bilan bog‘liq. Yevropa Ittifoqi bozoriga yetkazilgan eksport hajmining o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga oshgani va diversifikatsiya qilingani aynan shu maqom beradigan imtiyozlar bilan bog‘liq.

Bu haqida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Muloqotda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda munosabatlarni chuqurlashtirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi doirasidagi hamkorlik va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar kun tartibiga kiritildi. Yevropa tomoniga mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida, xususan, Ittifoq tomonidan moliyalayotgan “O‘zbekistonning JSTga kirish jarayoniga ko‘maklashish” loyihasini amalga oshirish orqali ko‘rsatilayotgan texnik va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

Suhbat davomida alohida tartibda ikki tomonlama moliyaviy va texnik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, ijrosiga 76 million yevro ajratilgan 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bo‘yicha yangi ko‘p yillik indikativ dasturi ko‘rib chiqildi.

Dasturning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, samarali davlat boshqaruvi, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlari Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga muvofiqligi alohida ta’kidlandi.

 

O‘zA