Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning 29 ta tijorat banki uchun “Banklar faollik indeksi”ni yangiladi va uning asosida banklarning choraklik reytingi tuzildi. Tadqiqot xususiy sektorning bank aktivlaridagi ulushi o‘zgarishini monitoring qilish, shuningdek, O‘zbekiston bank sektoridagi islohotlar va transformatsiya jarayonlarining samaradorligini baholash maqsadida olib borilmoqda.

17 ta yirik bankdan “Aziya Alyans bank”, “Ipak yo‘li bank”, “Aloqa bank” va “Mikrokredit bank” umumiy reytingda bir pog‘ona ko‘tarilgan bo‘lsa, “Trastbank”, “Invest Finans bank”, “Ipoteka bank” va “Agrobank” bir pog‘onaga pasaydi, qolgan 9 ta bank o‘z pozitsiyalarini o‘zgarishsiz saqlab qoldi.

Indeksni hisoblashda bank ko‘rsatkichlari quyidagi yo‘nalishlarda qo‘llanilgan: moliyaviy vositachilik, moliyaviy ommaboplik, kapitalning yetarliligi, aktivlar sifati, boshqaruv samaradorligi, daromadlilik, likvidlik.

Tadqiqotda banklar ikki guruhga bo‘lingan — katta va kichik. Guruhlarning har biri uchun reyting tuzildi. Shu bilan birga, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida (yoki faqat bitta hududda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.

2022 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra respublika bank tizimining aktivlari jami 555,3 trillion so‘m (2021 yil 1 dekabr holatiga nisbatan o‘sish – 29,9 foiz), majburiyatlari – 476,9 trillion so‘m (+32,4foiz), kreditlar qoldig‘i – 382,1 trillion so‘m (+19,1foiz) hamda depozitlar qoldig‘i – 216,5 trillion so‘m (+50,9foiz)ni tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 57,8 ming kishi faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekistonda banklarning kredit portfeli qoldig‘i (banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha qarz qoldig‘i) 1 dekabr holatiga ko‘ra 382,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Depozitlarning umumiy hajmi 216,5 trillion so‘m, depozitlarning kreditlarga nisbati o‘tgan davrga (44,7 foiz) nisbatan ijobiy (56,7 foiz) o‘zgardi. Tarkibi bo‘yicha kredit qoldiqlarining asosiy qismi 74,4 foiz – yuridik shaxslar, 25,6 foiz – jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keldi, depozitlarning taqsimlanishi mos ravishda 73,3 foiz va 26,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning faolligi o‘tgan yilga nisbatan 3-4 foizga oshdi.

Banklar faoliyatiga oid murojaatlar tahlili

2022 yilgi tadqiqot davomida Xalq qabulxonalariga kelib tushgan fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi. Xususan, bank sektori faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha 48 mingta (kuniga o‘rtacha 131 ta) murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning eng katta qismi, qariyb 25 foizi “Xalq banki” faoliyatiga tegishli bo‘lsa, undan keyin 18,9 foiz “Agrobank”, 7,3 foiz “Mikrokreditbank” hamda 3,7 foiz “Ipoteka bank” faoliyati bilan bog‘liq. Shu bilan birga, takroriy 6 ming murojaatni o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p ko‘rsatkich ham yuqorida ko‘rsatilgan banklarga to‘g‘ri kelgan.

Murojaatlarning 31,6 foizi ijobiy hal qilingan. Rad etilgan murojaatlarning aksariyati “Mikrokreditbank”, “Agrobank” va “Xalq banki”ga tegishli.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, fuqarolardan banklar faoliyatidan norozilik mazmunidagi 9 mingga yaqin murojaat kelib tushgan.

Yirik banklar faoliyati reytingi

2022 yilning IV chorak yakunlari bo‘yicha “Kapitalbank” O‘zbekistonning eng faol yirik banklari reytingida yana birinchi o‘rinni egalladi. “Hamkorbank” o‘z mavqeyini saqlagan holda reytingda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, “Azia Alyans bank” 1 pog‘onaga ko‘tarilib, “Trastbank” bilan o‘zaro o‘rin almashdi va kuchli uchlikni yakunladi.

“Azia Alyans bank” likvidlik (1-o‘rin) va moliyaviy vositachilik (1-o‘rin) ko‘rsatkichlarini saqlab qoldi, aktivlar sifati ko‘rsatkichlarini ikki pog‘onaga yaxshilagan holda – 5-o‘ringa va boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlarini 3 pog‘onaga yaxshilab – 6-o‘ringa ko‘tardi. Biroq reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, “Aziya Alyans bank” kapital yetarliligi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishi kerak, ular o‘zgarishsiz qolmoqda, chunki bank bir yil avvalgidek ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha reytingning so‘nggi qatorini (17-o‘rin) egallab turibdi. Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning IV choragida “Aziya Alyans bank” reytingdagi o‘rnini 2 pog‘onaga yaxshilagan va shu bilan birga moliyaviy vositachilik, potensial daromadlilik va likvidlik bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatib, 6-o‘rinni egallagan edi.

 

Transformatsiya jarayonida bo‘lgan davlat ulushi mavjud yirik banklardan “Ipoteka bank” yana reytingda o‘z o‘rnini yo‘qotdi va umumiy reytingda 9-o‘ringa tushib ketdi. Ushbu bank ketma-ket uchinchi chorakda moliyaviy vositachilikning pasayishini (15-o‘rin) ko‘rsatmoqda, bu muddatli depozitlarning kreditlarga nisbatini yanada oshirish, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish zarurligini, shuningdek, Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlarini ko‘rsatdi. Bank moliyaviy likvidlik ko‘rsatkichini biroz yaxshilab, 11-o‘ringa ko‘tarilganiga qaramay, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yuqori likvidlik aktivlarning jami aktivlarga nisbati oshishi maqsadga muvofiqdir.

4-chorakda moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichi bo‘yicha “O‘zmilliy bank” yirik banklar reytingida 17-o‘rinni saqlab qoldi, shuningdek, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha “Hamkorbank” 3 pog‘onaga, “Invest Finans bank” va “Agrobank” 2 pog‘onaga, “Xalq bank” 1 pog‘onaga pastladi.

Daromad olish salohiyati ko‘rsatkichi bo‘yicha reytingda “Asaka bank” eng pastki pog‘onani saqlab qoldi, “Xalq banki” 2 pog‘onaga, “Aloqa bank” va “Agrobank” 1 pog‘onaga tushgan.

Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank” 4 pog‘ona pastladi.

Aktivlar sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha “Xalq banki” oxirgi pog‘onani egalladi va eng katta pasayish 3 pog‘onaga tushgan “Mikrokreditbank” tomonidan ko‘rsatildi.

“Mikrokreditbank” boshqaruv samaradorligi va likvidligi jihatidan eng yomon bank bo‘lib chiqdi.

“Asaka bank”ning moliyaviy imkoniyatlari va likvidlik ko‘rsatkichlari biroz yaxshilanganiga qaramay, ushbu bank umumiy reytingda oxirgi o‘rinni egallab turibdi.

2022 yil IV choragi uchun kichik banklar faoliyati reytingi 14 ta kichik bank orasida Top-3 o‘zgarishsiz qoldi, shuning uchun 2022 yilning uchinchi choragida bo‘lganidek “Davrbank”, “Universal bank” va “Ziraat bank” yetakchi o‘rinlarini saqlab qolib, o‘z mavqeyini yana bir bor mustahkamladi.

To‘rtinchi chorakda 14 ta kichik bank orasida “Tibisi bank” va “Garant bank” reytingda o‘z o‘rnini saqlab qola olmadi, “Tenge bank”, “Anor bank” va “O‘zagroeksportbank” esa reytingda bir pog‘ona ko‘tarildi.

O‘zbekistonda bank tizimi hali ham faol rivojlanish bosqichida va davlat banklarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bank sektoridagi davlat ulushini 2025 yilda joriy 82 foizdan 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.

Bank tizimida davom etayotgan o‘zgarishlar va raqobat muhitining o‘sishi xususiy banklarni, xususan, innovatsion moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni izlash orqali yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

O‘zA