O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud kuni munosabati bilan Samarqand shahrida buyuk davlat va siyosat arbobini xotirlash marosimlari o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi. Shundan so‘ng viloyat jamoatchiligi tomonidan Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Xalqimizning ardoqli farzandi hayoti, ibratli ishlari yodga olindi.

– Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, xalqimizning tinch-osoyishta, farovon yashashi uchun qat’iyat va shijoat bilan siyosat yuritgan rahbar edi, – deydi Toyloq tumani Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Musoxon To‘rayev. – Men ish faoliyatim davomida u kishi bilan bir necha marta uchrashganman, xo‘jalikda raislik paytimda kelib ishimiz bilan tanishgan, g‘allachilikdagi muvaffaqiyatlarimizni e’tirof etgan edi. Dalada kechga suhbat chog‘ida g‘alla mustaqilligiga erishish mamlakatimiz siyosiy mustaqilligini mustahamkamlashning muhim asosi ekanligini ta’kidlagan edi. Shunday inson bilan zamondosh bo‘lganimdan faxrlanaman. U kishining nomi xalqimiz qalbidan hech qachon o‘chmaydi.

Islom Karimov Samarqand shahrida tug‘ilib o‘sgani, yoshlik yillari shu muqaddas zaminda kechgani uchun ham ona shahriga o‘zgacha mehr-muhabbat bilan qarardi. U o‘z vasiyatiga ko‘ra, 2016 yil 3 sentyabr kuni Hazrati Xizr masjidi yonida dafn etilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yerda maqbara bunyod etilgan va ushbu maskan doim ziyoratchilar bilan gavjum.


G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.