Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “Liderlar haftaligi” seminar-treningi tashkil etildi.

Mazkur haftalikdan ko‘zlangan maqsad umumta’lim maktablari direktorlari uchun uzoq muddatli strategiya va ustuvor vazifalarni belgilash, jamoada sog‘lom muhit yaratish, samarali ta’lim tamoyillari hamda liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Treninglar Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab direktorlari hamda ma’muriy-boshqaruv xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

Unda agentlik tizimidagi maktablarning 130 nafar rahbar kadrlari ishtirok etdi. Mazkur tadbir rahbar kadrlarda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan birinchi o‘quv-seminari hisoblanadi.

Treninglardan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasini takomillashtirish va uning sifatini davr bilan hamqadam yo‘lga qo‘yish borasidagi g‘oyalarni maktab direktorlari orqali pedagog-kadrlar va o‘quvchilarga yetkazishdek maqsadlar ko‘zlangan. Bunda ta’limdagi barcha yangiliklar, ijobiy o‘zgarishlar eng chekka hududlarni ham o‘zida qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish, maktablarda sog‘lom muhitni yaratish, bola xavfsizligiga ustuvorlik berish, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish, samarali baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, shaffoflikni ta’minlash masalalari dolzarb hisoblanadi.

Shu bilan birga, sifatli tizimni yo‘lga qo‘yishda ota-onalar va jamoatchilik vakillari bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv-seminari davomida respublikadagi barcha maktablar direktorlari uchun tayyorlanayotgan dastur muhokama qilinib, amaliyotda sinab ko‘rildi.

 

O‘zA