Ma’muriy islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar hamda ularning hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalarining Davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni tasdiqlandi.
Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha boshqaruv shtat birliklarini kiritish qat’iyan taqiqlandi.
Vazirlik va idoralar tizimida qisqartirilayotgan 17 ming 447 shtat birligi masalasi, xodimlarni ish bilan ta’minlash, bu yo‘nalishdagi tashkiliy chora-tadbirlarni to‘g‘ri va qonunchilikka muvofiq amalga oshirish dolzarb hisoblanadi.
Aynan shu maqsadda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi mas’ullari vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbarlari bilan ochiq muloqot tashkil qildi.
Muloqotda farmonga muvofiq shtatlar jadvalini tuzish, xodimlarni ishga qabul qilish, mehnat munosabatlarini davom ettirish va bekor qilishni rasmiylashtirishda e’tibor qaratilishi muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.
Asosiysi, qayta tashkil etilayotgan va bo‘ysinuvi o‘zgarayotgan organlardagi xodimlar bilan mehnat munosabatlarini Mehnat kodeksida ko‘rsatilgan tartibda davom etishiga urg‘u berildi hamda shtati bo‘yicha esa avval ularning malakasi va mutaxassisligi to‘g‘ri keladigan bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish choralarini ko‘rish, umuman imkonsiz hollardagina bo‘shatish mumkinligi haqida yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Bu jarayonda asosiy mas’uliyat yuklatilgan kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari mas’ullari ham mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq savollariga javob oldi.
O‘zA