Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini izchil rivojlantirish, qishloq va mahallalarni yanada obod qilish, joylarda qulay tadbirkorlik va investitsiya muhitini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi turmush darajasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratilmoqda.

Maktab binosida “MAX ELIT STROY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, 4 milliard 973,7 million so‘mlik 540 o‘rinli qo‘shimcha yangi bino qurib bitkazildi. Barcha shart-sharoitlarga ega maktabda 1808 nafar o‘quvchiga 145 o‘qituvchi-pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Maktab yonida sport maydonchasi ham foydalanishga topshirildi.

Tadbir ishtirokchilari yangi maktabda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA