O‘zbekiston xalq artisti, sirk ustasi Hakim Zaripov 99 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.

O‘zbek sirk san’atining mohir chavandozi sifatida nom qozongan Hakim Zaripov 1924 yilning 17 sentyabrida Toshkent shahrida  Karim (Karim qiziq)  Zaripovdek mashhur sirk artisti sulolasida tavallud topgan edi.

Ustoz san’atkor 1947 yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan.

Hakim Zaripov o‘z mehnat faoliyatini 1942 yilda «O‘zbek davlat sirki» respublika birlashmasida chavandoz sifatida boshlagan edi.  Sirk san’ati sirlarini yoshlarga o‘rgatib, yarim asrdan ziyod jahon arenasida tomosha ko‘rsatib kelayotgan Zaripovlar sulolasi vakillaridan biri sifatida mashhur edi.

Hakim Zaripov umr bo‘yi sirk manejida yashadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 1946 – 1997 yillar davomida sirk san’atining ustasi, iqtidorli chavandozi, hayvon o‘rgatuvchisi, sirk artisti, kino aktyori, kaskadyor sifatida jahon sirki tarixidan munosib o‘rin egalladi.

Hakim Zaripov o‘zbek sirki san’atini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan usta, badiiy va ijodiy guruh rahbari, otasining ishini munosib davom ettirgan san’atkor edi. Hakim Zaripov “O‘zbekiston yigitlari” chavandozlik sirk guruhi bilan birga Bolgariya, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Germaniya, Ruminiya, Mongoliya,  Vengriya, Finlyandiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan ijodiy safarlarda o‘z dasturini namoyish etgan edi.

U respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan tomoshalarda qatnashib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan, butun dunyoga o‘zbek sirkini tanishtirgan artist sifatida el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan mehnat faxriysi ham edi.

Mohir sirk ijrochisi Hakim Zaripov chavandozlikning afsonaviy ustasi sifatida sirk san’ati ixlosmandlari qalbida yashayveradi.

 

O‘zA