Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi matbuot xizmati bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov 17 yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 17 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali 223 million 600 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Respublika iste’molchilariga 225,5 million kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

–Gaz ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilarga 140 million 500 ming metr kub tabiiy gaz va 2 ming 300 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Iste’molchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 6 ming 800 tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi. Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

Shuningdek, respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilmoqda. Toshkent shahrida elektr qurilmalarda yuzaga kelgan 240 ta nosozlik, xususan, 42 ta transformator va 94 ta elektr uzatish tarmog‘idagi nuqsonlar bartaraf etildi.

Zarur chora sifatida respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Ta’minotdagi uzilishlar bo‘yicha iste’molchilardan 1 ming 205 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelayotgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilmoqda.

Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha iste’molchilardan 755 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

Gaz tarmoqlarida avariyalar tufayli ta’mirlash ishlari iste’molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari hududlarga safarbar etilgan, iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda, – dedi O.Dilmurodov.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA,  

O‘zA