Singapurda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu davlatga tashrifi tafsiloti keng yoritilmoqda.

Janubi-Sharqiy Osiyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, ingliz tilidagi «The Business Times» va «The Straits Times» gazetalari, shuningdek, malay tilidagi «Berita Harian» nashrida ayni mavzuga oid turkum axborotlar e’lon qilindi.

Maqola va tahliliy sharhlarda bu voqea ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo‘shma dastur hamda loyihalar amalga oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirilgan.

Singapur OAV materiallarida respublikamizning iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.

«The Business Times» gazetasida chop etilgan «Yangi O‘zbekiston: iqtisodiy o‘sish yo‘lidagi islohotlar» sarlavhali maqolada O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy, mintaqadagi aholisi eng ko‘p davlat ekani qayd etilgan. Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga qaratilgan strategiya doirasida qator tarkibiy islohotlar amalga oshirildi.

– 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 1,6 barobar, 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollargacha yetkazish ko‘zda tutilgan, – deya urg‘ulanadi mazkur maqolada. – Bu mamlakat o‘rtadan yuqori daromadli davlatga aylanishi uchun zarur shart-sharoit yaratadi. Shu davr mobaynida transport, ta’lim, «yashil iqtisodiyot» va energetika sohalariga e’tibor qaratgan holda, milliy iqtisodiyotga 120 milliard dollar sarmoya jalb etish maqsad qilingan.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston infratuzilmani rivojlantirish va moliyaviy islohot bo‘yicha Markaziy Osiyoda xorijiy investitsiya uchun namuna bo‘lmoqda. Bu yurtda bozor munosabatiga asoslangan ulkan iqtisodiy islohot hayotga tadbiq etilmoqda. Bu sa’y-harakatlar ishbilarmonlik sharoitini, sarmoyaviy muhitni yaxshilab, biznesni rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda.

«The Straits Times» gazetasida e’lon qilingan «Yangi O‘zbekiston siyosatining xalqaro e’tirofi» sarlavhali maqolada taraqqiyot strategiyasida belgilangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatini mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni tiklash, ushbu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozning oldini olish, yirik mintaqalararo transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatish, dunyoning barcha mintaqalaridagi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali aloqani kengaytirish, shuningdek, xalqaro institutlar va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitish etib belgilangani qayd etilgan.

– Bugun jahon hamjamiyati Yangi O‘zbekistonni barqaror, jadal rivojlanayotgan demokratik o‘zgarishlar, ulkan imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakati, deb biladi, – deb yozmoqda Singapur OAV. – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari e’tirofiga ko‘ra, o‘z yo‘lidan borish huquqini izchil himoya qilayotgan, davlat, mintaqa hamda butun dunyoni barqaror rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shayotgan zamonamizning yirik siyosiy arboblaridan biridir.

«Jahon hamjamiyati Shavkat Mirziyoyevni nafaqat Yangi O‘zbekiston qurilishini ustuvor maqsad qilib qo‘ygan bosh me’mor, balki Markaziy Osiyo miqyosida yangicha global munosabatni shakllantirish tashabbuskori sifatida e’tirof etadi», deya ta’kidlanadi maqolada.

«The Straits Times» gazetasi sahifasida bosilib chiqqan boshqa bir maqola Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlanib, davlatimiz rahbari o‘tgan yilni sarhisob qilib, 2023 yil amalga oshiriladigan siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaganiga e’tibor bergan. Alohida qayd etilganidek, 2023 yil islohotlarni amalga oshirishda burilish yili bo‘lishi kerak – vazifalar eng murakkab muammolarni hal etish va dadil o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan.

O‘zA