Poytaxtimizda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli jurnalist va publitsist Sharof Ubaydullayev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida jurnalist Sharof Ubaydullayev hayoti, ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi videolavha namoyish etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Tursunxon Xudoybergenov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi Qudratilla Rafiqov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev va boshqalar bugungi yangilanish jarayonlarida turli sohalar ravnaqiga hissa qo‘shgan hamyurtlarimizni e’zozlash, ularning zahmatli mehnatini qadrlashga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev farzandlar, yosh avlod tarbiyasida yoshi ulug‘ insonlar, nuroniylarimizning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanish zarurligini doimiy ta’kidlaydi.

Milliy jurnalistikamiz, ayniqsa, bosma jurnalistika sohasida katta va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan Sharof Ubaydullayev adolatli ijodkor bo‘lishi bilan birga, doim xalqimiz muammolarini dadil ko‘tarib chiqqan jurnalistdir. Ijodkor «Toshkent oqshomi» va «Vecherniy Tashkent» gazetalari, «O‘zbekiston ovozi» tahririyatida bosh muharrir sifatida samarali mehnat qilgan. Ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi davlat va jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlari, mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi, ilm va ma’rifat, madaniyat sohalari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli insonlar haqidagi zalvorli suhbatlar, intervyular, publitsistik maqolalar, xalqimizni o‘ylantirayotgan muammolarning ildizini dadil ochib berish, ularning mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirish Sharof Ubaydullayev ijodida muhim ahamiyat kasb etadi.

Tajribali jurnalist bugungi kunda ham yurtimizning ijtimoiy hayotida faoldir. Mahallalar, nuroniylar hayotini o‘rganish, ularning muammolariga yechim topish, mamlakatimizning turli hududlarida «Uch avlod uchrashuvlari», turli muloqotlar, ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Buning samarasi o‘laroq, 2021 yilda Sharof Ubaydullayev «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Nazokat Usmonova, O‘zA