Global ekologik jamg‘armasi tomonidan “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi hududlarni saqlash hamda boshqarish” loyihasini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 3 million 552 ming 968 AQSH dollari bo‘lib, 5 yil muddatga rejalashtirilgan.

– Loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad, Orolbo‘yi mintaqalarida tuproq degradatsiyasining oldini olish, qayta tiklash tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish, tabiiy landshaftlarni saqlash, yer va yerlardan samarali foydalanish asosida ekotizim barqarorligiga erishishdan iborat, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi matbuot kotibi Ulbosin Mirzanazarova. – Mazkur loyiha Orolbo‘yi hududlarida tuproq tanazzulining oldini olish va tiklash, tabiiy landshaftlarni saqlab qolish, yer hamda suv resurslaridan samarali foydalanish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish asosida ekotizim barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan loyiha uchun 270 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratildi.  Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatish xizmatlari kelishuvi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 30 noyabrdagi “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Global ekologik jamg‘armasi ishtirokida “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlar va qirg‘oqbo‘yi hududlarni saqlash hamda boshqarish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buxoro viloyati hokimligi tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda loyihaning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.


Dovud Abibullayev, O‘zA