Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayevning tadbirkorlar uchun navbatdagi ommaviy qabuli bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish, tadbirkorlarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hududda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tkazilgan qabul ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi bo‘lib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirildi.

Jumladan, qabulda 81 nafar tadbirkorning faoliyatida uchrayotgan muammolar yuzasidan 87 ta mүrojaat kelib tushdi. Ularni asosan moliyalashtirish, kredit ajratish, ayrim byurokratik to‘siqlar, transport, logistika, ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘nalishidagi murojaatlar tashkil etadi. Har bir murojaat mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi. Vaqt va muddat talab etiladigan murojaatlar Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan shaxsiy nazoratiga olinib, tez fursatda ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriq berildi.

Nukus tumanilik Oyimxon Saparovaga tadbirkorlik faoliyati ko‘lamini kengaytirish uchun zarur bo‘lgan 15 gektar yer maydoni ajratiladigan bo‘ldi. Ulbosin O‘rozboyevaning olgan kredit mablag‘ini to‘lashda uchrayotgan muammolar evaziga vaqtinchalik imtiyoz berish bo‘yicha murojaatiga asos muddati 6 oygacha uzaytirildi. Shuningdek, Temirbek Berdishevning tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishni so‘rab bildirgan murojaati yuzasidan o‘zi xohlagan joydan  yer maydoni  auksionga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Ommaviy qabulga tashrif buyurgan tadbirkorlarning murojaati e’tiborga olinib, ularni qonun doirasida hal etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, yangi ish o‘rnini yarataman degan tadbirkorning  tashabbusi qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.

Shu kuni aksariyat murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA