Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Jumladan, «Moliyaviy iste’mol kreditini ajratish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikka binoan, faqat respublikamizda ishlab chiqarilgan va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan iste’mol tovarlari (xizmatlari)ni sotib olish uchungina moliyaviy iste’mol krediti berish talabi mavjud. Bu aholining o‘z hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishi bilan birga, iste’molchilar huquq va manfaatlari buzilishiga ham olib kelayotgan edi. Mazkur qonun loyihasi bilan «Iste’mol krediti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar)uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolarining fikricha, taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi moliyaviy iste’mol kreditlari berish tartibini takomillashtirish va soddalashtirish, aholining ta’lim olish, mehnat qilish va turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Deputatlar qonun loyihasining bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini hisobga olgan holda, uni yanada takomillashtirish, maromiga yetkazish bo‘yicha bir qator takliflarni bildirdi.

Shuningdek, yig‘ilishda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga bank ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich besh yuz milliard so‘mgacha oshirish yuzasidan tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Kiritilayotgan o‘zgartirishlar aholining va tadbirkorlik sub’ektlarining banklarga omonat(depozit) joylashtirishni rag‘batlantiradi, tijoriy va boshqa kreditlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, bank xizmatlari hajmining oshishiga yordam beradi.

O‘zLiDeP moliyaviy bozorning barqarorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mo‘’tadil qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, bank tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish va barqarorligini, banklar kapitalizatsiyasini va depozit bazasi darajasini ta’minlash, ularning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini mustahkamlash tarafdori. Deputatlarning aytishicha, partiya uchun bank sektorida islohotlarni chuqurlashtirishdan ko‘zlangan eng muhim maqsad – aholining bank tizimiga ishonchini oshirish, jamg‘armalarni va ularning investitsiyalarga o‘tkazilishini rag‘batlantirishdir.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonlarida ularning ishtirokini kengaytirishga, shuningdek, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish orqali bank sektoriga strategik xorijiy investorlarni jalb qilishga xizmat qilishini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.


M.Komilova, O‘zA