Senat “Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Ushbu qonun bilan amaldagi Bojxona va Soliq kodekslariga, “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi (QQS) 15 foizdan 12 foizga pasaytiriladi. Bu imtiyoz natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 14 trillion so‘m miqdorda mablag‘ qoladi, tadbirkorlar bu rag‘bat orqali o‘z faoliyatlarini yanada kengaytirish imkoniga ega bo‘ladilar.

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarga tovar aylanmasi 500 million so‘mgacha bo‘lganda yiliga 20 million so‘m, 500 million so‘mdan yuqori bo‘lganda 30 million so‘m miqdorida qat’iy belgilangan soliqni har oyda teng ulushlarda to‘lashni tanlash huquqi beriladi. Bunda soliq to‘lovchilar buxgalteriya hisobini majburiy yuritish va ayrim hisobotlarni topshirish hamda sof foydasidan dividend solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.

Qonunda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar ham nazarda tutilib, tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda solig‘i stavkasini 2 baravarga pasaytirilishi belgilanmoqda. Kichik biznesdan o‘rta biznes toifasiga o‘tgan tadbirkorlar uchun 2 yil davomida foyda solig‘i stavkasi 2 baravarga pasaytiriladi.

Soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida 2023 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar o‘z daromadlarini ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirganda soliqqa tortilmaydigan daromadlar miqdorini amaldagi 15 million so‘mdan 73,6 million so‘mgacha oshiriladi.

Soliq qarzini mol-mulk hisobidan undirishga qaratishning belgilangan muddati amaldagi 30 kundan 60 kungacha uzaytiriladi.

Shuningdek, kichik va o‘rta biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovlarini 6 oyga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi ham beriladi.

Bundan tashqari, byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i, cuv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer solig‘ining bazaviy stavkalari, aksiz solig‘i, ayrim soliqlar bo‘yicha stavkalar inflyatsiya darajasi doirasida indeksatsiya qilinadi.

 

O‘zA