O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 21-22 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidan bormoqda. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelgan. Mamlakatlarimiz yaxshi qo‘shni va o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan yelkama-yelka bormoqda.

Tashrifning asosiy tadbirlari 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkent shahridagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi.

Shayx Xovandi Tohur XIV asrda yashagan olim va so‘fiy, Ahmad Yassaviy ta’limotining davomchisi bo‘lgan. Insonlarni ilm-ma’rifatga, yetakchilarni tinchlik-ahillikka chorlagan valiy zot sifatida xalq xotirasida qolgan.

Shayx maqbarasi atrofi aziz qadamjoga aylangan. Xususan, XVII asrda bu yerga To‘labiy dafn etilgan. Qaldirg‘ochbiy deb ham ataladigan bu inson qozoq elining bosh qozilaridan hamda “Jeti Jarg‘i” qonunlar to‘plamining tuzuvchilaridan biri bo‘lgan.

Yonma-yon joylashgan bu maqbaralar o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan birga yashagani, qardoshu hamfikr bo‘lganining yana bir dalolatidir.

Qozog‘iston rahbari maqbaralar tarixi bilan tanishdi, obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Qosim-Jomart Toqayev qardosh xalqlarimizning umumiy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilayotgan e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida Qozog‘iston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev shohsupaga ko‘tarildilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi.

Faxriy qorovul bo‘linmasi boshlig‘i raport bergach, davlat rahbarlari qorovul safi oldidan o‘tib, o‘zbek harbiy xizmatchilarini qutladilar va O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga ehtirom ko‘rsatdilar.

Prezidentlar rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdi.

So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari qozog‘istonlik hamkasbi va ko‘p millatli Qozog‘iston xalqini 16 dekabr kuni nishonlangan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi.

Yetakchilar ushbu muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojiga yangi kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Qozog‘iston O‘zbekistonning eng yaqin va ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi.

– O‘zbek va qozoq xalqlari – nafaqat yaqin qo‘shni, balki mushtarak tarixiy meros, madaniy va ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘langan qardoshlardir. Bu bizning bebaho boyligimiz, biz uni qadrlaymiz va qadrlashda davom etamiz. Bizning taqdirimiz bir, kelajagimiz ham umumiy, men bunga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni tubdan kengaytirish masalalari muzokaralarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishilgani ta’kidlandi. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari o‘rtasidagi muloqotlar muntazamlik kasb etgan.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining barcha yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

– Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bog‘liq, biz etu tirnoq bo‘lib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qo‘nonboyevning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bunday tadbirlar xalqlarimiz bir-birining shonli tarixi va bugungi hayotiga katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlab, do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– Bugun ikkita tarixiy hujjatni imzolaymiz. Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga javob beradigan hamda O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etmoqchiman. Ittifoqchilik – davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi, o‘zaro ishonch belgisi. Shu bilan umumiy kelajagimizni birgalikda qurishga intilishimizni tasdiqlayapmiz. Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma aloqalarimiz mustahkamligidan dalolat beradi, mintaqada tinchlik va xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi. Chegaralarimiz doimo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozog‘iston va O‘zbekiston mustahkam, uyg‘un munosabatlarni yo‘lga qo‘ydilar, – dedi Qosim-Jomart Toqayev.

Qozog‘iston yetakchisi imzolanadigan shartnomalar yangi ufqlar ochishi hamda ikki mamlakatning yanada yaqinlashishga mushtarak intilishlarini to‘liq ifoda etishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyevga bunyodkorona siyosati va Qozog‘iston – O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, ushbu islohot O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning o‘zagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga e’tiborni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Xususan, oxirgi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi, joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Endi energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

– Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lishiga ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, kuni kecha o‘tgan biznes-forumda yangi investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Yana bir muhim yo‘nalish – energetika. Davlat rahbarlari energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.

Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.

– Bugun biz yuk tashishlarning barqaror o‘sishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik. Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

– Oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarur, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz Ostona shahri markazida buyuk o‘zbek shoiri, davlat arbobi Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish haqida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bu umumiy tariximiz va madaniyatimizga katta ehtiromning yorqin tasdig‘i, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari abadiyligi ramzidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari umumiy madaniy-tarixiy merosimizni o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shu maqsadda televideniye, radio va veb-saytdan iborat qo‘shma axborot resursini tashkil etish, buyuk yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini nashr qilishni taklif etdi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qat’iy nazoratga olish va tegishli “yo‘l xaritasi”ni kelishish topshirildi.

O‘zbekiston – Qozog‘iston sammiti yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tarixiy hujjatlar – Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida shartnoma va O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnomani imzoladilar.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.

“Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida, Oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, 2000 yil 7 iyuldagi Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketish shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma shular jumlasidan.

Shuningdek, strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, o‘rmon xo‘jaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo‘rda, Jizzax va Turkiston viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga oid “yo‘l xarita”lari, energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish bo‘yicha bitimlar qabul qilindi.

Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazdilar.

Qardosh o‘zbek va qozoq xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langani ta’kidlandi.

– Umumiy tariximiz, madaniy va ma’naviy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bizni birlashtirib turadi. Qozog‘iston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan o‘tgan hamkordir. bugungi murakkab zamonda o‘zaro munosabatlarimiz davlatlararo hamkorlikning namunasi bo‘la oladi, deb hech mubolag‘asiz aytishimiz mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va boyitish, ularga sifat jihatidan yangi amaliy mazmun berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.

Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq javob beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani tashrifning eng muhim natijasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari darajasidagi Davlatlararo kengash tuzilmoqda.

– Bu bilan bir-birimizni faol qo‘llab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qat’iy turishga tayyorligimizni tasdiqladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qabul qilingan navbatdagi muhim hujjat – birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi chegaralarning huquqiy rasmiylashtirilishini to‘liq yakuniga yetkazgan O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnoma.

– Bu chinakam tarixiy voqea. Hech shubhasiz, chegaralarimiz doimo haqiqiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng ko‘lamli hamkorlik jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar oshgani va besh milliard dollarga yaqinlashgani buning tasdig‘idir.

– Biz uchinchi mamlakatlarning qimmat importi o‘rnini ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari bilan to‘ldirish orqali bu ko‘rsatkichlarni yaqin orada karrasiga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhni shakllantirish va o‘rnini bosish rejalashtirilayotgan mahsulotlarni tizimli yetkazib berish uchun qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

An’anaviy ravishda bir-birini to‘ldirib turgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Biz, shuningdek, o‘zaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘ladigan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini barpo etishga kirishamiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Muzokaralar chog‘ida energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Energetika ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash borasida yangi loyihalar amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu maqsadda ikki mamlakat hududlarida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va mahalliy bozorlarga yetkazib berishga kelishib olindi.

Kun tartibida transport va logistika masalalari muhim o‘rin egalladi. Transport-tranzit salohiyatini yanada oshirish, yangi temir va avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini faollashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Davlat rahbarlari transchegaraviy suv resurslaridan hurmat va ishonch ruhida birgalikda foydalanish borasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Parlamentlarning roli ortib borayotganini hisobga olib, qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi aloqalar faollashtiriladi. Kelgusi yilda Toshkentda Parlamentlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonladi. Oktyabr oyida Olmaotada “Orol durdonasi” ko‘rgazmasi, noyabrda Ostonada O‘zbekiston madaniyati kunlari, dekabr oyida esa Yoshlar kongressi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda qozoq xalqining ardoqli farzandi Abay Qo‘nonboyevga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tmoqda.

– Abayning o‘lmas merosi bugun ham mintaqamiz xalqlari uchun, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda ham madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, taniqli san’atkorlarning ijod kechalarini o‘tkazishga kelishib olindi. Bu qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga, umumiy tarixiy ildizlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Qozog‘iston bugungi kunda global o‘zgarishlar markaziga aylanib borayotgan mintaqamizda taraqqiyot va ravnaqni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishini ta’kidladi.

– Markaziy Osiyoda ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash umumiy barqaror taraqqiyotning kafolatidir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borish muhimligi alohida qayd etildi.

O‘tkazilgan muzokaralarda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida mamlakatlarimiz ilgari surayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Umumiy manfaatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar BMT, MDH, SHHT, TDT, IHT, OHICHK doirasida hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

– Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgani bizni juda xursand qiladi. Munosabatlarimizni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakat va imkoniyatlarni yo‘naltiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev yirik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihalarini boshlash bo‘yicha tantanali marosimda ishtirok etdilar.

Loyihalar orasida Navoiy viloyatida kompleks va fosforli mineral o‘g‘itlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, Toshkent viloyatida logistika markazini barpo etish, Toshkent shahrida uy-joy va tijorat infratuzilmasini qurish, Qozog‘istonning Qo‘stanoy shahrida avtomobillar va Qarag‘andi viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarishni alohida qayd etish mumkin.

Prezidentlar loyihalarga start berib, ular nafaqat o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi, balki zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini, eng muhimi, minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishiga ishonch bildirdilar.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev buyuk qozoq shoiri Abay Qo‘nonboyev merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma doirasidagi ekspozitsiya bilan ham tanishdi.

Abay qozoq xalqining asriy orzularini, adolat, insonparvarlik va qardoshlik g‘oyalarini tarannum etgan. Uning she’riy asarlari va noyob “Nasihatlar” kitobiga jamlangan hikmatli so‘zlarini o‘qib, XIX asr oxirlarida qozoq dashtlaridagi turmush haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Davlat rahbarlari Qozog‘iston muzeylaridan keltirilgan noyob eksponatlar, jumladan, Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga oid tarixiy ashyolar, fotosuratlar, kitoblar bilan tanishdilar.

Abayning uch torli do‘mbirasi, Qo‘nonboyning do‘ppisi, qo‘lyozmalari, adib va uning oilasi tasvirlangan fotosuratlar tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otdi.

Prezidentlar ko‘rgazma bilan tanishib, mamlakatlarimiz madaniy hayotidagi ushbu muhim tadbirni tayyorlashga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdilar. Bunday tadbirlar do‘stlik rishtalarimizni mustahkamlashga xizmat qilib, o‘zbek xalqida qardosh qozoq xalqining tarixiga qiziqish g‘oyat balandligidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Umuman, oliy darajadagi muzokaralar kun tartibining kengligi va erishilgan kelishuvlarning ahamiyati bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan tarixiy voqea bo‘ldi.

Qardosh Qozog‘iston yetakchisining davlat tashrifi yakunlandi. “Toshkent” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari