Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Murojaatnoma o‘ndan ortiq telekanal orqali jonli efirda, shuningdek, Prezidentning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali onlayn yoritib borildi.

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi eng muhim voqea bo‘lgan ushbu tadbir 2017 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Unda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilinadi. Shu bois xalqimiz bu tadbirni doimo katta qiziqish bilan kutadi.

Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, jonajon O‘zbekistonimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Bu yil aholimiz 36 milliondan oshdi. Har yili safimizga qariyb 900 ming yangi avlod qo‘shilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yakuniga yetayotgan 2022 yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lganini ta’kidladi. Ushbu davrda to‘plangan tajriba bir haqiqatni yaqqol isbotlab berdi: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi.

– Shu bois pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishgan ayrim yutuqlarimizni aytib o‘tishni o‘rinli, deb bilaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli va samarali islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshdi.

Iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi, eksport esa, 19 milliard dollarga yetdi.

Qayd etish lozim, bunday katta natijalar ilgari bo‘lmagan.

Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Misol uchun, 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi.

– Bu raqamlarni aytish oson. Ularning har biri ortida mashaqqatli mehnat turibdi. Chunki inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu maqsadda oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurdik.

Xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlar tuman va mahalla darajasiga tushirilmoqda.

bugungi kunda O‘zbekiston jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgani, xalqaro hamjamiyat buni keng e’tirof etayotgani ham ayni haqiqatdir.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda o‘nlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlariga mezbonlik qildi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

– Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur.

Shularni e’tiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Ushbu islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutmoqda. bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol dalilidir.

“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyili asosida barcha masalalar bo‘yicha xalqimiz bilan bamaslahat ish tutilmoqda.

Umuman, ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqish kerakligi qayd etildi.

Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar, albatta, inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.

Har galgidek, Murojaatnomaning eng hayajonli qismi yangi yilga nom berilishi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari kelgusi yilga rejalarni to‘g‘ri olish uchun xalqimizning fikrini har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlil etib, 20 mingga yaqin takliflar muhokama qilinganini qayd etdi.

– Odamlarimiz ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlarida aniq-aniq masalalarni ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda. Aholimiz bizdan maktab, bog‘cha va shifoxonalarni ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifatini oshirishni, mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolarini hal qilishni, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni, adolatni ta’minlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda. Ko‘tarilgan masalalar aniq va o‘rinlidir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari kirib kelayotgan 2023 yilga mamlakatimizda Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb nom berishni taklif etdi. Prezidentimizning ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.

Kelgusi yil uchun reja va dasturlar aniq belgilab olinar ekan, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi ta’kidlandi.

Ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tish, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan eng muhim vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Prezident Murojaatnomada aytilgan vazifalarni dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirish oson bo‘lmasligini qayd etdi.

– Lekin biz o‘tgan davrda katta bilim va tajriba to‘pladik. Eng muhimi, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz tobora ortib bormoqda.

Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz.

Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni, albatta, barchamiz birgalikda bunyod etamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident so‘zining yakunida yig‘ilganlarni, butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbdan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, fayzu baraka, oilaviy baxt tiladi.


Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA muxbiri