Davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 mart kuni oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashi, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligi qayd etilib, ishga muhtoj talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlar tanqid qilingan edi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ham joriy yilning fevral oyida qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2-kursdan boshlab o‘z sohasida ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qilib, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tishi kerakligini ta’kidlagan.

Prezidentimiz topshiriqlaridan so‘ng vazirliklar, tijorat banklari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi va imzolanmoqda. Buning natijasi o‘laroq ko‘plab talaba va bitiruvchilar ish bilan ta’minlandi.

Yaqinda qaysi OTMlarning eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov orqali davlat xizmatiga qabul qilinganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portaliga 78 ta vazirlik va idora, 208 ta tuman (shahar) hokimliklari ulangan bo‘lib, mavjud vakant lavozimlariga 103 406 marotaba tanlov e’lon qilindi.

Tanlovlarda 1,2 mln. nomzod ishtirok etgan bo‘lsa (bir o‘ringa o‘rtacha 12-13 nafar nomzod), ulardan 45 mingga yaqini davlat xizmatiga qabul qilindi.

Tanlovlar g‘oliblari tarkibi tahlil qilinganda, ishga qabul qilinganlarning 18272 nafari (43%) 150 ta OTMning oxirgi 5 yillik bitiruvchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan:

«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti (840 nafar), Samarqand veterinariya meditsinasi instituti (749 nafar), Urganch davlat universiteti (700 nafar), Buxoro davlat universiteti (674 nafar), Farg‘ona politexnika instituti (673 nafar), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (671 nafar), Toshkent moliya instituti (638 nafar), Termiz davlat universiteti (594 nafar), Guliston davlat universiteti (577 nafar) hamda Toshkent davlat agrar universiteti (569 nafar)ning eng ko‘p bitiruvchisi ochiq tanlov orqali davlat xizmatiga qabul qilingan.

O‘tkazilgan tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etib, yetarli ball to‘play olmagan 73 997 nafar nomzodning 31 777 nafari (43 %) OTMlarni oxirgi 5 yillikda tamomlagan bitiruvchilar ekanligi ma’lum bo‘ldi.

 

N. Rahmonova, O‘zA