Toshkentda “Ground Zero Minor” kovorking markazida “GEW-2022” VI Global tadbirkorlik haftaligining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Haftalikning so‘nggi kunida “Turizm, qo‘ng‘iroqlar chalinadi!”, “Turizm va mehmondo‘stlik fanlarida amaliy ishlarning ahamiyati”, “Turizm marketingi va ta’lim sohasidagi kuzatishlar”, “Turizmning tadqiqot yo‘nalishlari – O‘zbekiston istiqboli”, “Turizmni rivojlantirishda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining o‘rni” va shu kabi mavzulardagi qator ma’ruzalar tinglandi.

Tadbir davomida turizm sohasida faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkorlar tajribali mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashdi.

O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Haftalikning so‘nggi kuni ham o‘ziga xos tajriba maydoniga aylandi.

Ta’kidlash joizki, “GEW-2022” VI Global tadbirkorlik haftaligi 12 dekabr kuni boshlangan edi. Shu vaqtga qadar Toshkentdagi “TEAM”, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetlar hamda boshqa turizmga aloqador ta’lim muassasalarida haftalik doirasida qator tadbirlar tashkil etildi.

Unda turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va allaqachon faoliyat olib borayotgan ishtirokchilar xorijlik va mahalliy mutaxassislar tavsiyalari ko‘magida o‘zlariga kerakli bilim, tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Bevosita raqamlarga to‘xtalsak, haftalik davomida 20ga yaqin tadbirlar tashkil etilib, unda mingdan ortiq tinglovchi va ishtirokchilar hamda 10 dan ortiq xorijlik ma’ruzachi qatnashdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ushbu tashabbus GEN Uzbekistan (Global tadbirkorlik tarmog‘i) tomonidan oltinchi bor tashkil etildi.

Haftalik yakunlari bo‘yicha tadbirkorlik ekotizimini yanada takomillashtirish borasida takliflar va biznes ta’limi bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Bundan avval Navoiy, Buxoro, Nukus, Urganch, Qarshi, Termiz, Namangan, Qo‘qon, Andijon shaharlarida yetakchi tadbirkorlar ishtirokida yosh tadbirkorlar uchun “Muvaffaqiyat sirlari” mavzusida turkum mahorat darslari tashkil etilgan.

“Global tadbirkorlik tarmog‘i”ning 200 ta davlatda 20 mingta hamkori bor, shuningdek, shu vaqtga qadar jami 40 ming tadbir tashkillashtirgan va o‘n ming nafar a’zoga ega.

O‘zA