Butun dunyoda 18 dekabr Xalqaro migrantlar kuni sifatida nishonlanadi.

Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan 2000 yil 4 dekabr kuni e’lon qilingan. 1990 yilda mazkur nufuzli tashkilot mehnat qilayotgan migrantlar va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Xalqaro konvensiya qabul qilgan.

Yana bir ma’lumot, 2016 yilning sentyabr oyida BMT migrantlar va qochqinlar masalasi bo‘yicha ilk bor umumjahon deklaratsiyasi qabul qildi. Nyu York deklaratsiyasi deb nom olgan ushbu hujjat migrantlar va qochqinlarga nisbatan inson huquqlarini himoya qilish, javobgarlik burchi barcha uchun bir xil bo‘lishi, inson hayotini har narsadan ustun qo‘yish kabi normalardan foydalanishga da’vat etadi.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda dunyoda bir mamlakatdan ikkinchisiga ko‘chib kelgan muhojirlar soni 280 milliondan oshdi, bu esa dunyo aholisining 3,6 foiziga to‘g‘ri keladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Migratsiya Tashkiloti ma’lumotiga, 2020 yil holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 281 million muhojir bo‘lgan. Ularning 135 millioni ayollar, 146 millioni erkaklardir.

Taqqoslash uchun, 1970 yilda dunyoda bor-yo‘g‘i 84 millionga yaqin muhojir bo‘lgan bo‘lsa, 1990 yilda 153 millionga yetgan. So‘nggi 50 yil ichida muhojirlar soni uch baravar ko‘paygan.

Shu bilan birga, mamlakatlardagi ichki migratsiya hajmi tashqi migratsiyaga qaraganda ancha yuqori.

Aholining katta qismi ishsizlik, maishiy muammolar va ta’lim kabi sabablarga ko‘ra migratsiyaga murojaat qilmoqda. Ba’zi fuqarolar esa harbiy to‘qnashuvlar, ta’qiblar, tabiiy ofatlar yoki boshqa fojiali hodisalar tufayli o‘z uylarini va mamlakatlarini tark etishga majbur bo‘lishadi.

Aksariyat muhojirlar Yevropa (87 million) va Osiyoda (86 million) istiqomat qiladi. Sayyoramizning bu ikki mintaqasida dunyodagi barcha muhojirlarning 61 foizi istiqomat qiladi. Migrantlar qabul qilish bo‘yicha keyingi o‘rinlarda migrantlarning 20,9 foizi istiqomat qiluvchi Shimoliy Amerikadir.

So‘ngi vaqtlarda Lotin Amerikasi va Karib havzasi mintaqasida muhojirlar soni ikki baravar ko‘payib, taxminan 7 milliondan 15 milliongacha yetdi. Bu migrantlar soni eng yuqori o‘sgan mintaqadir.

Okeaniyada 9 million migrant yoki barcha muhojirlarning 3,3 foizi istiqomat qiladi.

2019 yilda dunyo bo‘ylab qariyb 169 million mehnat muhojirlari bor edi. Bu dunyodagi barcha migrantlarning uchdan ikki qismini (62 foiz) tashkil etadi. Dunyo bo‘ylab migrantlarning atigi 78 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi insonlar bo‘lib, ular 15-64 yoshni tashkil etadi.

2019 yilda mehnat muhojirlari orasida erkaklar soni 98,9 million kishini, ayollar 70,1 million kishini tashkil etdi.102,4 million kishi yoki jami mehnat muhojirlarining 61 foizi uchta mintaqada: Shimoliy Amerika, Arab mamlakatlari, Shimoliy, Janubiy va G‘arbiy Yevropada istiqomat qiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan migrantlar soni 2 million 346 ming nafarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston  Xalqaro Migratsiya tashkilotiga (XMT) 2018 yil 27 noyabrda a’zo bo‘lgan edi. O‘sha yili XMT hamkorligida Samarqandda migratsiya bo‘yicha yangi markaz ham ochildi. 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi. Shundan buyon   O‘zbekiston bilan XMT o‘rtasida aloqalar izchil rivojlanib bormoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, migratsiya turli muammolarga sabab bo‘lsada, aksariyat hollarda migrantlar o‘zlari kelgan mamlakatdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishadi. Ya’ni mahalliy aholi ishlashni xohlamagan ish o‘rinlarini to‘ldiradi. Bu esa, mamlakatlar rivojiga, qolaversa, yalpi ichki mahsulotlarning o‘sishiga zamin yaratadi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA