Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Nosirov va Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov noyabr oyida Italiya, Germaniya, Vengriya davlatlari bo‘ylab uyushtirilgan ilmiy safar davomida hamkorlar bilan agrar sohaga oid xorij tajribasini o‘rganish, oliy o‘quv yurtlari aro aloqa o‘rnatish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, SamDU talabalarini Yevropaga magistratura va doktoranturaga o‘qishga yuborish kabi masalalarni muhokama qilgan edilar.

bugungi kunda o‘sha muzokaralar asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Vengriyaning Seged universiteti professori Ferens Lantosh SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktorining ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha o‘rinbosari sifatida  faoliyat boshladi.

– Yurtingizga ilk bor kelishim, taasurotim a’lo, – deydi Ferens Lantosh. – Kelishimdan oldin O‘zbekiston ta’lim tizimini o‘rgandim, menga sohada amalga oshirilayotgan islohotlar juda ma’qul keldi. Maqsadimiz –  O‘zbekiston va Vengriya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish. Ishni Seged universiteti misolida boshladik. O‘zbekistonda bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlari hisoblanadi. Sohani zamon talabi darajasida yanada rivojlantirish uchun Yevropa, xususan, Vengriyada erishilgan yutuqlarni, ilmiy tajribani bu yerda tatbiq etmoqchimiz. Shuningdek, kadr tayyorlash, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yamiz. “Stipendium Hungaricum” dasturi asosida yangicha tizim ishlab chiqamiz. Kelajakda o‘zbek talabalarini Vengriyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga magistratura, doktorantura bo‘yicha o‘qishga yuborish ko‘zda tutilgan. Qolaversa, ilmiy tadqiqot ishlari joirasida yuqori ilmiy salohiyatga ega jurnallarda maqolalar chiqarish, xalqaro grantlar yutishga qaratilgan sheriklik asosida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshiramiz.

Behruz SHAMSIDDINOV,

SamDU axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV (surat)