Davlatimiz rahbarining “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, endilikda shu asosda 3 ta tergov va 5 ta surishtiruv organlaridagi surishtiruvchi va tergovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish orqali kasbga yo‘naltirishning  “turli tizim – yagona yondashuv” tamoyiliga asoslangan muvofiqlashtirilgan tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Aynan tergov va surishtiruv organlari uchun tor ixtisoslikdagi kadrlarni tayyorlaydigan ta’lim muassasasi bo‘lmaganligi sababli bu boradagi ehtiyojni ta’minlash maqsadida akademiyada tergovchilarni tayyorlashning ikki bosqichli (bakalavriat va magistratura) tizimi joriy etiladi.

E’tiborli jihati, akademiya bakalavriatiga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Ehtimol barchada boshqa ta’lim muassasalari ham huquqshunos tayyorlaydi, tergovchilarni alohida tayyorlashga ehtiyoj bormikan, degan savol tug‘ilishi mumkin.

To‘g‘ri, boshqa yuridik ta’lim muassasalari ham bu yo‘nalishda kadrlar tayyorlaydi. Biroq, mazkur ta’lim muassasalarida yurisprudensiyaning barcha sohalarini o‘rgatishga e’tibor qaratilib, bevosita tergov faoliyatiga taalluqli masalalarga kam vaqt ajratiladi. Ayniqsa, nafaqat nazariyachilar, shu bilan birga, professional amaliyotchilar tomonidan ham tergovning sir-asrorlari o‘rgatilishi ochiqligicha qolib ketgan.

Tashkil etilgan akademiyadagi o‘quv jarayoni esa bir tarafdan ta’limning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlasa, boshqa tarafdan tergovchi lavozimiga tayinlangan yosh kadrlarning ushbu kasbning nozik jihatlarini o‘rganish uchun yana bir necha yillar sarflanishining oldini oladi.

Akademiyada tergovchi va surishtiruvchilarni kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona va majburiy tizimi joriy etilmoqda.

Xususan, yangi tartibga ko‘ra birinchi marotaba surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlangan yosh kadrlar akademiyada majburiy kasbiy qayta tayyorlash kurslarida tahsil oladi.

Shuningdek, barcha surishtiruvchi va tergovchilar har 3 yilda kamida bir marotaba akademiyada o‘z malakasini oshiradi.

Mazkur mexanizmlar esa hududlarda turli organlar tergovchilarining yagona amaliyot asosida ish olib borishlarini ta’minlaydi.

Tashkil etilgan akademiyaga nafaqat kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida vazifalar, shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish faoliyati muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamli kriminalistika va boshqa sohalarni ilmiy-uslubiy ta’minlash vazifalari ham yuklatilgan.

Yana bir muhim masala. Farmon bilan akademiyaning samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida Bosh prokuror, DXX raisi, ichki ishlar vaziri va boshqa mas’ul lavozimdagi xodimlardan iborat tarkibda muvofiqlashtirish-vasiylik kengashi tuzilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ushbu tizim jinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshirish va bu borada malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA