Mamlakatimizda 1999 yilda ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti barkamol, oqila xotin-qizlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlarning adabiyot, san’at, sport, fan va madaniyat kabi sohalarni rivojlantirishdagi yutuqlari, ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ikki nafardan vakilasi yuksak mukofot bilan taqdirlanishi an’anaga kirgan.

Zulfiya nomidagi davlat mukofotining Namangan viloyati bosqichida shahar va tumanlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 97 nafar iqtidorli qiz ishtirok etdi.

Tanlov ishtirokchilarining xalq amaliy va tasviriy san’ati, hunarmandchilik mahsulotlari namunalaridan iborat ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Zulfiyaxonim izdoshlarini saralash jarayonlari yangi mezonlar asosida o‘tkazilmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yakubova. – Hozirga qadar viloyatimizdan 30ga yaqin qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ular turli jabhalarda samarali faoliyat olib bormoqda.

Bu yil tanlovning shahar va tumanlardagi hududiy bosqichlarida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 800ga yaqin nomzodlar qatnashdi. Viloyat bosqichida ishtirok etgan oqila, dono va zukko qizlar orasidan 21 nafari adabiyot, san’at, madaniyat, fan, ta’lim, sport va jamoatchilik yo‘nalishlari bo‘yicha viloyat bosqichi g‘oliblari sifatida e’tirof etildi.

Komissiya a’zolari tomonidan nomzodlarning ijodiy ishlari, ilmiy izlanishlari, yutuqlari belgilangan me’zonlar asosida baholanib, ishtirokchilar orasidan yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan, e’tirofli yutuq va marralarni qo‘lga kiritgan, ibratli jamoatchilik ishlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, noyob iste’dodi va iqtidori bilan nom qozongan yoshlar saralandi.

– Tanlov quvonchga to‘la va hayajonli o‘tdi, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Madina Karimjonova. – Bolalar musiqa va san’at maktabiga ikki yildan buyon qatnayman. “Yoshlar ovozi” tanlovining Respublika bosqichiga chiqdim. Maqom san’atiga mehrim baland. Shu bois Navoiy bobomizning “Ey sabo” g‘azaliga kuylangan maqom ashulasini ijro etdim. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar safida ekanligimdan xursandman. Bu meni kelajakda bundan-da katta yutuqlarga undaydi.

 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA