“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi markaziy laboratoriyasida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish, joriy qilish va ilmiy tadqiqot sektori xodimlari laboratoriya sharoitida osh sodasi mahsuloti namunasini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Korxonada mavjud imkoniyatlar va xom ashyolardan samarali foydalangan holda eng tejamkor, iqtisodli, innovatsion usulda, import o‘rnini bosuvchi natriy gidrokorbanatning GOST 2156-76 ga mos keluvchi osh sodasi namunasi olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 maydagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida 2022-2025 yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 250 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida ichki va tashqi bozorda barqaror talabga ega bo‘lgan kalsiylangan soda mahsulotini ishlab chiqarishni kengaytirish, kimyo sanoatining eksport salohiyatini yanada oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tasdiqlangan “O‘zkimyosanoat aksiyadorlik jamiyati tashkilotlari tomonidan 2023-2026 yillarda amalga oshiriladigan innovatsion loyihalarning “Yo‘l xaritasi”da laboratoriya sharoitida texnik kalsinatsiyalangan sodadan iste’mol soda olish vazifasi belgilangan edi.

– Mamlakatimizda osh sodasiga bo‘lgan talab yuqoriligini hisobga olsak, uni o‘zimizda ishlab chiqarish dolzarb vazifalardan biri, – deydi korxonaning innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish, joriy qilish va ilmiy tadqiqot sektori mudiri Aysultan Qurbanova. – Mamlakatimizda ushbu mahsulotga bo‘lgan yillik talab 8 ming tonnadan ziyodni tashkil etsa, shundan 6 ming tonnadan ziyodi import qilinadi. Bu mahsulot asosan, oziq-ovqat sanoatida, farmatsevtika mahsulotlari, chorva ozuqasida va boshqa sohalarda keng foydalaniladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, korxonamizda yiliga 10 ming tonnaga yaqin osh sodasi ishlab chiqarish imkoni mavjud. Bu esa, ichki bozorni to‘la ta’minlab, keyinchalik eksportga chiqarish mumkin. Eng asosiysi, mahsulot ishlab chiqarishda tashqaridan xom ashyo talab qilinmaydi va aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Korxonaning innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish, joriy qilish va ilmiy tadqiqot sektori mutaxassislarining izlanishlari natijasida laboratoriya sharoitida olingan yangi mahsulot namunasi kelajakda ishlab chiqarishga joriy etilib, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishiga, aholining ushbu mahsulotga bo‘lgan talabini qanoatlantirishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA