Nukusda Qoraqalpog‘iston Kompozitorlari uyushmasi raisi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Najimatdin Muhammeddinov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda kompozitorning kasbdoshlari, shogirdlari, san’at sohasi fidoyilari, yozuvchi-shoirlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov so‘zga chiqib, professional musiqa madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shgan kompozitor faoliyati haqida gapirdi. N.Muhammeddinov Qoraqalpog‘iston Respublikasining Madhiyasi, shuningdek, qoraqalpoq xalqining dastlabki operasi, baleti va simfoniyasi muallifidir. Jahon musiqasida J.Verdi “Otello” operasini 80 yoshida yozgan bo‘lsa, N.Muhammeddinov 82 yoshida “Guloyim” etno operasini yaratdi. U bir qancha mas’uliyatli davlat vazifalarida faoliyat yuritsa ham musiqa dunyosini o‘z hayotining mazmuni deb bildi.

Iste’dodli, professional kompozitor yangi kuylar bastalab, qoraqalpoq musiqa dunyosida o‘ziga xos maktab yaratdi. Uning ijodidagi yirik asarlardan I.Yusupovning librettosiga yozilgan “Ajiniyoz” operasi, “Ayjamal” ilk baleti, N.Dao‘qarayevning “Alpomish” pesasi, K.Raxmanovning “To‘qqiz tonqildaq, bir shinkildek” komediyasi, Qoraqalpog‘iston kantatasi, “Posqan yel” simfonik poemasi tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan. N.Dao‘qarayevning “Ko‘l jag‘asinda”, “Nukus valsi”, “Keo‘il keo‘ilden suv ichar”, “Yar-yar”, “Baqtim Amu jag‘asi”, “Ata makanim” kabi qo‘shiqlari milliy musiqa san’atimizga xazina bo‘lib qo‘shildi. Ularni iste’dodli qo‘shiqchilar B.Matjanov, B.Nadirov, M.Xojaniyazov, G.Ayimbetova, R.Qutekeyeva va boshqalar ijro etgan.

Xalq kuylarini xalq sozlari orkestri, simfonik orkestr uchun avvalgidan ham boyitib, rivojlantirib qayta ishladi. Mana shunday tinimsiz mehnatlari, ijodiy mahorati munosib baholanib, N.Muhammeddinov O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi faxriy unvoni, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, shuningdek, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.

– Ijodkor sifatida mana shunday inson bilan zamondosh bo‘lganimdan faxrlanaman, uning ariyalari, kuylari, baletlarini yoshlarga o‘rgatib, keyingi avlodlarga yetkazib berayotganimdan xursandman, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali professori, O‘zbekiston kompozitorlar uyushmasi a’zosi, dirijyor H.Radjapov. – Filialimizda ustoz-shogird an’anasini davom ettirgan holda kompozitorning asarlarini yoshlarga o‘rgatish ishlari davom etadi. Biz ijodkorlar N.Muhammeddinovdan kelgusida ham ijodiy yangiliklar, yangi kuylarni kutib qolamiz.

Tadbir davomida N.Muhammeddinovning asarlaridan iborat O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining xalq kuylari va simfonik orkestri tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA