O‘zbekistonda sudyalar orasidagi xotin-qizlarning ulushi qariyb 15 foiz (180 nafar)ga yetdi. Bu ko‘rsatkich Kozog‘istonda 51, Rossiyada 66, Sloveniyada 70, Portugaliyada 75 foizni tashkil etadi.

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga ko‘ra, sudyalar orasida xotin-qizlar ulushini oshirish 2025 yilda 20 foizga, 2030 yilda 30 foizga yetkazish nazarda tutilgan.

Sudyalar oliy kengashi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkilotining O‘zbekistondagi filiali hamkorligida tashkil etilgan “Sud hokimiyati mustaqilligi va tizimda gender tenglik masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yuqoridagi raqamlar qayd etildi.

Sudyalar orasida xotin-qizlarning ulushi ortishi ijtimoiy munosabatlarga ayollar nuqtai nazaridan qarash va baho berishga yanada kengroq imkoniyat yaratadi. Zero, ayol sudya o‘zi ko‘rib chiqayotgan nizoli ishdagi ijtimoiy holatlarga ona yoki opa-singil sifatida o‘z munosabatini bildiradi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy adolat ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir gender tenglikni ta’minlash sohasida O‘zbekistonning asosiy xalqaro shartnomalari doirasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini baholovchi xalqaro reyting va indekslar doirasida baholanadigan holatlar va baholash mezonlari tahlilini ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Konferensiya natijasida sud tizimida jins bo‘yicha kamsitish ko‘rinishlarini aniqlash va ularni bartaraf etishning samarali mexanizmlarini yaratish, sudlarda gender tenglikni ta’minlashdagi mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xorijiy davlatlar hamda milliy tajribani taqqoslash asosida sud tizimiga ayol sudya va sud xodimlarini keng jalb qilish bo‘yicha tegishli takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

N.Abduraimova, O‘zA