Prezidentimizning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida Toshkent viloyati hokimligi Mo‘ynoq tumaniga biriktirilgan.

Viloyat delegatsiyasi Mo‘ynoq tumanida bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlanganidek, Toshkent viloyati va Mo‘ynoq tumani hokimliklari bilan birgalikda 77 ta ob’ekt bo‘yicha jami 32 milliard so‘mlik qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashining qarorlari va viloyat hokimining tegishli farmoyishlari asosida viloyat mahalliy byudjetidan mazkur tadbirlar uchun jami 16 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Xususan, umumta’lim maktablarida 9 milliard 457 million so‘mlik mablag‘ hisobiga qurilish, ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, 4 milliard 213 million so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilishi hisobiga “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘inidagi 15-umumta’lim maktabi va “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘ini “Qarajar” ovulidagi 9-umumta’lim maktabi filialida kapital ta’mirlash ishlari olib borildi. Tumandagi barcha maktablar to‘liq sport inventarlari bilan ta’minlandi. Hozirda “Ush say” hamda “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi umuta’lim maktablarining sport zallarini qurish ishlari davom etmoqda.

Tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash ishlari belgilangan bo‘lib, hozirda “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Qipchakdaryo” ovulidagi va “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘inidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini joriy ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

Tuman markaziy tibbiyot birlashmasiga tibbiyot uskunalari yetkazib berish maqsadida 76,2 million so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, tez yordam bo‘limida qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Kam ta’minlangan oilalar a’zolarining tibbiy jarrohlik amaliyoti uchun 85 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Tuman markazi va “Hokim ota” ovul fuqarolar yig‘inida kutubxona bunyod etildi. Tumandagi barcha MTTlarga suv filtrlari o‘rnatildi, ko‘p kvartirali binolarning tom qismiga shifer yopildi, har bir mahallada futbol maydonlari qurilib foydalanishga topshirildi. “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘inida 4,5 kilometr va “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘inida 3 kilometr ichki yo‘llarni joriy ta’mirlandi.

Tuman markazida “Yoshlar bog‘i” tashkil qilinib, hududning iqlimiga mos, sho‘rga va issiqqa chidamli manzarali ko‘chatlar yetkazib berilmoqda.

Viloyat tadbirkorlari tomonidan 2022-2023 yillarda qiymati 393,9 milliard so‘mlik 23 ta loyiha amalga oshirilishi va 983 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan bo‘lib, hozirda 10 dan ortiq loyiha faoliyatini boshladi. Tashabbuskorning o‘z mablag‘i hisobidan 25 gektar yer maydonida dehqonchilik qilish, shuningdek, “Agrobank” tomonidan ajratilgan 2 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘i hisobiga avtotransportlarga xizmat ko‘rsatish va logistika xizmati loyihalari amalga oshirilmoqda.

Baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun tashabbuskorlar tomonidan “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi orqali 1058 gektar yer maydoniga ega tabiiy ko‘l ajratildi. Hozirda 2 milliard so‘mlik kredit mablag‘i yo‘naltirilib, zarur uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Yana bir intensiv usulda baliq yetishtirish uchun “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi eski parrandachilik-baliqchilik binosi tadbirkor tomonidan sotib olindi. Mazkur loyiha uchun “Ipoteka bank”idan 2,5 milliard so‘m kredit ajratilgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, 30 gektar hududda “Netxaus” yozgi issiqxona tashkil etish, shuningdek, tuyachilik va echkichilikni yo‘lga qo‘yish loyihalari yuzasidan ishlar yakuniga yetkazilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga muzlatgich, televizor, gaz plitalari berildi, shuningdek, ko‘plab oilalar xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatildi.

Tashrif davomida mehmonlar tuman markazidagi xiyobon hududida tashkil etilgan shoxobchalar, sport maydonchalari, hududda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari, “Qozoqdaryo” ovul fuqarolar yig‘ini binosi, ushbu hududdagi 15-umumta’lim maktabi, sport maydonchasi, “Bo‘zatov” hamda “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘inlari hududidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Kam ta’minlangan oilalarga, umumta’lim maktablariga viloyat hokimligi tomonidan sovg‘alar topshirildi. Sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlanib, san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Tuman aholisi turmush-tarzini yaxshilash, ularning bandligini ta’minlash va daromadini oshirish yuzasidan topshiriqlarning o‘z muddatida ijrosi yuzasidan fikr almashildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA