Markaziy Yevropada joylashgan federal parlamentli respublika – Shveysariya Konfederatsiyasi poytaxti – Bern shahri. Mamlakat ma’muriy jihatdan 23 kanton (3 tasi yarim kanton)ga bo‘lingan. 1874-yil 29-mayda qabul qilingan amaldagi konstitutsiyaga juz’iy o‘zgarishlar kiritilgan.

Davlat va hukumat boshlig‘i – Prezident Federal majlis tomonidan Federal kengash (hukumat) a’zolari orasidan 1-yil muddatga saylanadi va qayta saylanish huquqiga ega emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – ikki palata (Milliy kengash va Kantonlar kengashi)li Federal majlis, ijro hokimiyati – Prezident va Federal kengash.

Rasmiy tillar – nemis, fransuz, italyan va reto-roman tillari. Shveysariya 2002-yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami – 1899-yildan beri 1-avgustda nishonlanadigan, 1291-yil tashkil etilgan Konfederatsiya kuni.

Shveysariyada ta’limning yagona tizimi yo‘q. Har bir kanton o‘z maktab qonuni va boshqaruviga ega bo‘lsa-da, barcha kantonlarda 6-7 yoshdan 15-16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy qilingan. Asosiy, boshlang‘ich maktab har bir hududda qabul qilingan tizimga qarab, 2 bosqichdan iborat  7 (4+3), 8 (4+4) yoki 9 (4+5) yil davom etadi. O‘rta maktab 2 toifali: umumta’lim va ixtisoslashgan.

Mamlakatda hunar-texnika o‘quv yurtlari, tijoriy, ma’muriy, texnik, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan va badiiy maktablar, o‘qituvchilar gimnaziyalari mavjud.

Syurix, Jeneva, Bazel, Bern universitetlari, Syurix va Lozannadagi federal texnologiya institutlari, Sankt-Gallendagi iqtisodiyot va ijtimoiy fanlar maktabi kabi oliy o‘quv yurtlari reytingi yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Shveysariyada bir necha gazeta va jurnal – “Bazel gazetasi”, “Bern gazetasi”, “Nigoh”, “Jahon hafta ichida”, “Syurix kundalik sharhi”, “Lozanna minbari – tong” nashrlar nemis, fransuz tilida chop etiladi. Shuningdek, ko‘plab elektron nashrlar ham bor. Shveysariya radiosi 1923-yildan eshittirishlar bera boshlagan, muntazam teleko‘rsatuvlar 1958-yildan yo‘lga qo‘yilgan.

Shveysariya jamoat teleradiokompaniyasi xalqaro bo‘limi – “Shveysariya xabarlari” (swissinfo.ch) poytaxtda joylashgan, o‘n tilda axborot uzatadigan yangiliklar portali hisoblanadi. Nashr siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, fan, ta’lim va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya xususida ma’lumotlar berib boradi. Portal tarixi 1935-yil qisqa to‘lqinli eshittirish xizmatidan boshlangan. 1990-yillar o‘rtalariga kelib, asta-sekin radio dasturlarini sun’iy yo‘ldosh orqali uzatish texnologiyasi joriy qilingan, 1999-yildan onlayn veb-sayt orqali yangilik uzatila boshlangan. Shveysariya xabarlari turli ijtimoiy tarmoqlar orqali ham tarqaladi. 2016-yil aprel oyidan boshlab eng qiziqarli maqolalar jamlanadigan haftalik va kunlik bepul axborot risolalari taqdim etilmoqda. Ixtisoslashgan mavzularda pochta jo‘natmalari ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Shveysariya O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini 1991-yil 23-dekabrda tan olgan. 1992-yil 7-may kuni ikki davlat o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA