Keyingi yillarda energetika tizimida bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Toshkent issiqlik elektr markazidagi umumiy qiymati 115 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihasi ham ulardan biridir.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktyabrdagi qarori ijrosi doirasida har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbinasini qurish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘z nihoyasiga yetkazildi.

Joriy yilning 2-may kuni III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ushbu ikkita gaz turbinasi qurilmasining ishga tushirilishiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan start berildi.

Bugun, ya’ni 7-may kuni “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan OAV vakillari uchun Toshkent issiqlik elektr markaziga press-tur tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar investitsiya loyihasi doirasida bu yerda qad rostlagan har birining quvvati 32 MVt bo‘lgan ikkita gaz turbinasi faoliyati bilan tanishdi.

Toshkent issiqlik elektr markazi bosh muhandisi Umid Risqulov jurnalistlarga hamrohlik qilib, markaz hududida bunyod etilgan ikkita zamonaviy gaz turbinasining ishlash jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

– Qiymati 115 million AQSH dollariga teng yirik investitsiya loyihasi asosida zamonaviy inshoot qurilishi 2022-yilning boshida boshlangan edi. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan. Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi bosh pudratchiligida qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash maqsadida loyihaga bir vaqtning o‘zida 600 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda 50 ga yaqin texnika jalb etildi.

Loyihaning ahamiyati shundaki, endi markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kilovatt soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor zamonaviy texnologiyalar evaziga yiliga 219 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Mazkur loyihani amalga oshirishdan ko‘zlagan asosiy maqsad kam yoqilg‘i sarflab ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish edi. Shu bois Yaponiya kompaniyasida ishlab chiqarilgan ikkita gaz turbinasi qurilmalarini o‘rnatdik. Boisi aynan ular dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ayni maqsadlarga erishish bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega. Qurilmaning ishga tushirilishi natijasida atrof-muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 200,5 tonnaga kamayishiga erishiladi.

Bugungi kunda mazkur yirik investitsiya loyihasining hayotga tatbiq etilishi bilan qo‘shimcha 40 ta ish o‘rni yaratilganini alohida ta’kidlash lozim.

Biz ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi umumiy tarmoqqa uzatiladi. Umumiy tarmoqda esa iste’molchilarga beriladi. Hozir issiqlik energiyasining umumiy quvvati soatiga 3 ming tonnani tashkil etadi. Biz ishlab chiqarayotgan issiqlik energiyasi “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK tomonidan iste’molchilarga yetkazib beriladi, – dedi U.Risqulov.

Press-tur davomida ishtirokchilar gaz turbinalarini boshqaruv markazi faoliyati bilan ham tanishdi. To‘liq avtomatlashtirilgan ushbu markazda ish jarayonlari kuzatiladi va boshqariladi.

Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi muhandisi Xolis Gunal O‘zbekistonda bu loyihani tatbiq etishda o‘z hissasini qo‘shganidan minnatdor ekanini bildirdi.

–Biz o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan yakdillikda ushbu loyihani amalga oshirdik. Hozir gaz turbinalarini test rejimi asosida ishga tushirdik. Bu yerda biz barcha ishlash tizimini avtomatik tarzda kuzatib, qurilmalarning ishlash tartibini nazorat qilib boramiz. Kompaniyamiz haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, yurtingizda bir qator loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ushbu loyiha ulardan biri bo‘lib, Namangan, Navoiy va Qashqadaryoda bu kabi ishlarda hamkorlik qilayapmiz. O‘ylaymanki, bundan keyin ham bizning hamkorligimiz bardavom bo‘ladi, – dedi u.

Press-tur yakunida loyiha mutaxassislari bilan suhbat uyushtirilib, ular jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA