Migratsiya jarayonlarini tartibga solish masalasi barcha davlatlar qatori mamlakatimizda ham dolzarb hisoblanadi.

Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil 4-aprel kuni “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonning qabul qilinishi mazkur sohaga alohida e’tibor berilayotganidan dalolat.

Albatta, haq-huquqini tanigan, huquqiy savodxonligi yaxshi bo‘lgan inson qaysi yurtda yashamasin o‘z nonini halollab topadi, oilasini iqtisodiy jihatdan bemalol ta’minlaydi.

Xorijda ishlash, o‘qish yoki vaqtinchalik yashash uchun ketgan yurtdoshlarimizni qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda tayyorlagan “Migrantlar” loyihasiga ko‘plab yurtdoshlarimizdan savollar kelib tushmoqda.

Kuzatuvchilarimiz tomonidan yo‘llangan “Xorijga migrant sifatida ishlashning qanday qonuniy talablari bor?” degan savolga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Kamola Shukurova javob berdi.

—Xorijga chiqishda mehnat migranti uchun qo‘yiladigan talablar ish beruvchilar va ish beruvchi davlatning qonunchiligiga asoslanib belgilanadi. Ish beruvchilar tomonidan qo‘yiladigan asosiy talablar bu til bilish va kasbiy malakalar hisoblanadi.

Hozirgi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida 160 mingdan ortiq ish o‘rinlari uchun vakansiyalar mavjud. Biroq, mana shu ish o‘rinlari uchun vakansiyalarda ishtirok etuvchi til biladigan va kasbiy malakaga ega bo‘lgan fuqarolarimiz yetarli emas. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 213-sonli qarori bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzurida fuqarolarni til va kasbga o‘rgatadigan maxsus markaz tashkil etilishi belgilandi.

Ushbu markaz ish beruvchilar bilan hamkorlikda ish beruvchining talablaridan kelib chiqqan holda ishchilarni mehnat bozoriga tayyorlaydi. Ushbu markazlardagi xizmat turi to‘lov kontrakt asosida bir yilgacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi.

Markaz ochishdan asosiy maqsad ish beruvchilarning talablarini fuqarolarga yetkazish va ularning talablariga mos ravishda xalqaro standartlarga to‘g‘ri keladigan mehnat migrantlarini tayyorlashdan iborat.

Xorijda tashkiliy tartibda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarimiz til va kasb o‘rganish maqsadida ushbu markazda o‘qish uchun agentligimizga murojaat qilishlari mumkin.

N.Rahmonova, A.Alijonov, A.Ahmedov (video), O‘zA