Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 6-mayidagi “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalar ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘qituvchilarni rag‘batlantirish borasida bir qancha vazifalar belgilab berilgan.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalar ko‘rsatayotgan maktablar rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibi joriy etiladi.

Qayd etilishicha, 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan respublikadagi 500 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining har biriga 2024-2025-o‘quv yilidan boshlab, 2 tadan maktab biriktirilib, yangi tizimning qamrovi kengaytiriladi. Ya’ni yangi o‘quv yilidan  boshlab, o‘qitish va bilimni baholashning yangi tartibini samarali joriy etgan, o‘quvchilari ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ularning tarif stavkasiga nisbatan 40 foizgacha ustama beriladi. Ustamalar baholash o‘tkazilgan o‘quv yilidan keyin keladigan o‘quv yilidan (1-sentyabrdan) boshlab, bir kalendar yil davomida to‘lanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA