O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tizimida samarali mehnat qilgan yoshi ulug‘ nuroniylarga hurmat ko‘rsatish, ularning tajribasini yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish maqsadida partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan “Uch avlod uchrashuvi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, partiyaning “Faxriylar Kengashi” va “Yoshlar qanoti” a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman kengashlari mas’ul xodimlari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni “Inson qadri uchun” tamoyilining ahamiyatiga qaratilar ekan, bunda, albatta, yoshi ulug‘larimizning hayotiy tajribasi yoshlar tarbiyasida alohida o‘rin egallaydi. Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, “Faxriylar Kengashi” a’zolari va faollari bilan ochiq muloqot qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturiga keksalar, nafaqadagi insonlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish borasidagi taklif va g‘oyalarini eshitishdan iborat.

Tadbirni O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov partiya kengashlari bilan deputatlar birlashmalarining hamkorlikdagi faoliyatiga to‘xtaldi.

Hozirda, mamlakatimizda keksa nuroniylar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoitlar va imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, keksalarga tibbiy xizmat ko‘rsatishning sifati va darajasini oshirish, yolg‘iz qolgan keksalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ularga ko‘rsatilayotgan moddiy yordamni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar, bu faoliyat doirasida partiya tashkilotlari va deputatlarning o‘rni, partiyaning o‘tgan davr mobaynida keksalar va pensionerlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslari yuzasidan fikrlar bildirildi.

Uchrashuvda yoshlar ham o‘z fikr mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek “Faxriylar Kengashi” a’zolari tomonidan partiya safiga qabul qilingan yoshlarga guvohnomalar topshirildi.

Tadbir davomida partiya g‘oyalarini aholi orasida targ‘ib etishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan faxriylar, faol a’zolar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisining Faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.