O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya 6-maydan buyon Litva Respublikasi poytaxti Vilnyus shahrida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida bugun qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, qurilish, to‘qimachilik, logistika kabi muhim sohalarda faoliyat yurituvchi 70 ga yaqin ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida O‘zbekiston – Litva biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashi ta’sis yig‘ilishi hamda B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

2023-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning Litva bilan tovar aylanmasi 606.2 million dollarga yetgan. Eksport qiymati 133.2, import miqdori 472.8 million dollar. Mamlakatimizda ushbu davlat investorlari ishtirokida 30 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 12 tasi 100 foiz Litva kapitali asosida ishlaydi, 18 tasi qo‘shma korxona.

Palata matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, tadbirni Litva Ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi prezidenti Vidmantas Janyulevichyus va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov olib bordi. Muloqot chog‘ida hamkorlar Ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib, shu kunning o‘zidayoq kengashning ta’sis yig‘ilishini o‘tkazgan.

Forum doirasida tomonlar mavjud investitsiya salohiyati va savdo-iqtisodiy munosabatni rivojlantirish bo‘yicha keng imkoniyat namoyish etilgan taqdimot bilan tanishdilar. Anjuman yakunida ishbilarmon doira vakillari hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

O‘zA