O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “”Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) granti asosida Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) granti hisobidan Koreya tajribasi asosida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi muassisligida davlat ta’lim muassasasi shaklidagi Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi tashkil etiladi.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

kasbiy malakani baholash va tasdiqlash, o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, muhandis-ustalar, pedagog kadrlar hamda ta’lim faoliyatiga bevosita aloqador boshqa rahbar-xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasining milliy malaka tizimini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

professional standartlarni ishlab chiqishda ularni xorijiy tashkilotlar hamda ilmiy hamjamiyatlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali takomillashtirib borish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga doir o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy adabiyotlar yaratish.

Markaz Koreya tajribasi asosida milliy malakani baholash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining milliy malaka tizimiga oid qonunchilik hujjatlari asosida kasbiy malakani baholash, tasdiqlash va malaka pasportlarini berish faoliyatini amalga oshiradi.

Bunda Markaz qonunchilik hujjatlarga muvofiq belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tadi va o‘z faoliyatini tashkil etadi.

Markaz faoliyati Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

2024-yil 1-iyundan boshlab:

“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘qituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi professional ta’lim muassasalari pedagoglariga tenglashtiriladi hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi;

xorijiy mutaxassislarga bajarilgan ishlar uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori ularning malakasi, tajribasi va ularga yuklanadigan ish hajmidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan belgilanadi;

xorijiy mutaxassislarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasini olishga konsullik yig‘imlari hamda yashash joyida ro‘yxatga olinganlik uchun undiriladigan davlat boji “Ishga marhamat” monomarkazlari mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

2024-yil 30-dekabrga qadar ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qititiladi hamda ularning kamida 5 ming nafariga kasbiy malaka darajasini tasdiqlash orqali malaka pasportlariga ega bo‘lishadi.

O‘zA