Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin Koreya Respublikasi delegatsiya bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Koreya hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Koreya delegatsiyasi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalar bilan ham tanishtirildi.

Shundan kelib chiqib, ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, mamlakatimiz maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining sog‘lom ovqatlanishini yanada takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Uchrashuv konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi, deyiladi Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, bu Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi vakillarining Maktabgacha ta’lim agentligiga ikkinchi yirik tashrifi bo‘lib, birinchi uchrashuv 2022-yilning avgustida o‘tkazilgan edi.

M.Qosimova, O‘zA