Joriy yilning 6-may kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Soymo‘min Yatimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga doir  barcha masalalarni ochiq va  ishonchli asosda muhokama qildi. Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transmilliy xususiyatdagi  boshqa  tahdid va  chaqiriqlarga qarshi kurashish kabi  dolzarb yo‘nalishlarda  hamkorlik qilishning  hozirgi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar davlatlarimiz o‘rtasida chegaraviy hamkorlik va umuman, yaxshi qo‘shnichilik  munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Muloqot davomida Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida davlat chegaralarini delimitatsiya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi  va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish bilan bog‘liq kun tartibdagi masalalar amaliy tarzda ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari Qirg‘iziston-Tojikiston delimitatsiyasi va O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegaralari demarkatsiyasi jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga  erishdi ushbu masalalarni  va tomonlarning  manfaatlarini hisobga olgan holda hal etish bo‘yicha  amaliy choralarni belgilab oldi.

Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston Hukumatlararo komissiyasi a’zolariga  chegaraning qolgan hududlarini muvofiqlashtirish, tegishli ikki tomonlama shartnoma tayyorlash va imzolash  bo‘yicha aniq  topshiriqlar berildi.