Xabaringiz bor, mamlakatimizda tajriba tariqasida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilmoqda. Xo‘sh, bu sug‘urtadan fuqarolar qanday foydalansa bo‘ladi? Buning uchun fuqarolardan qanday hujjatlar talab qilinadi?

Oddiy qilib aytganda, tibbiy sug‘urta «ma’lum bir mablag‘ evaziga seni saqlaymiz (davolaymiz), kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatamiz», degan ma’noda tushuniladi.

Yurtimizda joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida aholi davlat tibbiy sug‘urtasi uchun badal puli to‘lamaydi, ya’ni chiqimdor bo‘lmaydi. Aksincha, aholi salomatligi davlat hisobidan sug‘urtalanadi. Bunda davlat tibbiy yordam olish qoidalarini belgilaydi va har bir bosqichda kafolatlangan hajmdagi tibbiy xizmatning bepulligini kafolatlaydi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimidan foydalanish uchun aholi birlamchi tibbiy-sanitariya yordam muassasalariga biriktiriladi. Bunda birlamchi murojaatni ular pasport yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan amalga oshiradi.

Shu o‘rinda bir ma’lumot, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi joriy yilning 3-may kuni qator tibbiyot tashkilotlariga 23,8 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirdi.

Shuningdek, Jamg‘arma tomonidan xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Ozarbayjon davlat majburiy tibbiy sug‘urta agentligi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Memorandum ikki tomonlama sheriklik, samarali va o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni nazarda tutadi. Memorandum doirasida majburiy tibbiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Hujjat asosida tomonlar tibbiy yordam sifatini nazorat qilish, imtiyozli dori vositalari bilan ta’minlash usullarini qo‘llash, moliyaviy mexanizmlar, axborot texnologiyalari va majburiy tibbiy sug‘urta doirasidagi boshqa tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha ish olib borish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

M.Qosimova, O‘zA