Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 22,5 foizi korrupsiviy holatlar bilan to‘qnashganini, 34 foiz tadbirkorlar bunday muammolar ba’zan uchrab turishini qayd etgan.

59,4 foizi so‘nggi bir yil davomida korrupsiya darajasi kamaygan, degan fikrni bildirdi. 43,5 foiz tadbirkorlar faoliyati davomida bunday salbiy holatlar umuman kuzatilmaganini ma’lum qilgan.

Tadbirkorlar uchrayotgan salbiy holatlarga qanday barham berish kerak? Tadbirkor erkin faoliyat yuritishi, iqtisodiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi uchun nimalar qilish kerak?

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Toshkentda “O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik” ikkinchi biznes forumida shular haqida fikr yuritildi.

Biznes-forum o‘z ishini “Sohaning normativ-huquqiy asoslarini korrupsiyaviy xavf-xatarlardan xoli tarzda tartibga solish”, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarga oid bahslardan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy harakatlar sari” mavzulardagi ikkita sessiya asosida olib bordi.

Biznes forum ochilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar, xususan korrupsiya holatlariga barham berish uchun tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

O‘zbekiston biznes hamjamiyatida halollik qaror topishi uchun ushbu biznes forum o‘tkazilmoqda. Bundan bir yil muqaddam o‘tkazilgan birinchi biznes forumda agentlik, Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan “O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi” qabul qilindi.

Mazkur hujjat tadbirkorlik sub’ektining moliyaviy faoliyatini boshqarish, shartnoma munosabatlari, kadrlarni tanlash va o‘qitish, ichki intizom va qonuniylikni mustahkamlash, davlat xaridlari kabi muhim yo‘nalishlarda korrupsiya xavflarining oldini olishga qaratilgan kompleks choralarni qamrab olgan.

O‘tgan qisqa vaqt davomida Xartiyaga 267 nafar tadbirkor qo‘shilib, korrupsiyadan xoli ravishda biznes yuritish vazifasini o‘z zimmasiga oldi.

Sessiyalar doirasidagi muloqotlarda tadbirkorlikning erkin rivojlanishi, sohadagi qonunchilikni takomillashtirishda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish jarayoniga biznes hamjamiyatning ekspertlik salohiyatini samarali jalb qilish imkoniyatlari, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ekspertlar tomonidan biznes sohasida halollik standartlariga amal qilish, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, birgalikda shaffof Ipak yo‘li tashabbusini yaratish, tadbirkorlik faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan o‘zaro bog‘liqligi, xalqaro amaliyot va xorijiy tajribadagi yutuqlarga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Bildirilgan fikr-mulohazalar, tavsiyalar asosida xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga doir amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Forum doirasida O‘zbekiston biznesining korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasi a’zoligiga yangi qabul qilingan tadbirkorlik sub’ektlariga a’zolik sertifikatlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA