Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani “Bostan” ovul fuqarolar yig‘inida “O‘zneftgaz” aksiyadorlik jamiyati homiyligida 24-umumta’lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, loyiha qiymati 3 milliard 328 million so‘m bo‘lgan, 180 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabning yangi binosi qurilishi “Qoraqalpoq windows” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Shuningek 1 milliard 270 million mablag‘ evaziga “Qızketken maxsus qurılıs” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan sun’iy qoplamali futbol maydonchasi ovul yoshlariga sovg‘a qilindi.

Maktab yangi binosining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq ta’limi tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA