Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbektelekom” AK mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda kompaniya tomonidan aholiga taqdim etib kelinayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati va imkoniyatlarini yanada yaxshilash hamda ulardan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda mamlakatimiz, xususan, Samarqand viloyati nufuzli va ulkan siyosiy ahamiyatga ega sammitga mezbonlik qildi. Shu munosabat bilan UZTELECOM tomonidan hududda mobil va keng polosali internetning yuqori sifatini kafolatlash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanildi.

Misol uchun, Samarqand viloyati markaziga transport tarmoqlarining o‘tkazish qobiliyati (600 Gbit/s), viloyat markazlarida esa (60 Gbit/s) erishildi. Sayyohlik markazi uchun umumiy uzunligi 69 km bo‘lgan optik tolali aloqa liniyalari qurilib, 22 ta mobil aloqa baza stansiyasi foydalanishga topshirildi, 6 ta baza stansiyalari modernizatsiya qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida 17 ta mobil aloqa tayanch stansiyalari qurildi. Shahar bo‘ylab aloqa signallarining kengroq tarqalishi, uning yangi turistik markaz majmuasidagi binolarga yaxshiroq kirib borishi uchun zamonaviy 5G texnologiyasiga asoslangan 5 ta baza stansiyasi ishga tushirildi.

Ta’kidlanishicha, sinovlar natijasida 1209 Mbit/s eng yuqori tezlikka erishildi, bu 4G texnologiyalariga nisbatan yuqori o‘tkazuvchanlikni ta’minlaydi, qurilmalar o‘rtasida o‘ta ishonchli keng ko‘lamli aloqa tizimlarini yaratadi, shuningdek, 4G uskunasiga qaraganda signalning kamroq kechikishini kafolatlaydi va batareya energiyasi sarfini kamaytiradi.

– UZTELECOM texnologik taraqqiyotga an’anaviy tarzda alohida e’tibor qaratadi, – deydi “O‘zbektelekom” AK Bosh direktorning istiqbolli rivojlantirish va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Orifjonov. – Biz O‘zbekistonda abonentlarga birinchi bo‘lib eng zamonaviy yechimlar va aloqa standartlarini taklif qilamiz. Xususan, o‘tgan yil davomida biz xalqaro axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish tezligini 1800 Gbit/s gacha oshirgan bo‘lsak, joriy yil ushbu ko‘rsatkichni 3200 Gbit/s ga yetkazdik. 2021 yil davomida 50 ming kmdan ortiq optik tolali aloqa liniyalarini yotqizdik, natijada ushbu liniyalarning uzunligi 130 ming km ni tashkil etdi. 2022 yil so‘ngigacha ushbu ko‘rsatkich 151 ming 247 km ni tashkil qiladi. Toshkent va barcha viloyat markazlarida 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatiladi. Shu bilan birga, 2021 yil davomida 902 ta qo‘shimcha baza stansiyalari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 ming 233 taga yetkazildi.

O‘tgan davr mobaynidagi yana bir muhim yangilik, Prezidentimiz tashabbusi bilan tamal toshi qo‘yilgan UZTELECOMning zamonaviy ofisi ishga tushirilganligidir. Aytish kerakki, Kompaniyaning HI-Tech uslubida barpo etilgan yangi bosh ofisi o‘zida yaratilgan qulayliklar bilan aholiga ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda aloqa sohasini rivojlantirishda joylarda zamonaviy telekommunikatsiya mahsulotlari qo‘llanilmoqda. Shu bois, ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda “Jizzax” va “Navoiy” erkin iqtisodiy zonalarida hamkorlikda asos solingan qo‘shma korxonalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, “O‘zbektelekom” AK va Janubiy Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan va yiliga 50 ming km optik tolali aloqa kabeli ishlab chiqarish quvvatiga ega “Global Optical Communication Uzbekistan” qo‘shma korxonasi hamda yiliga 120 ming dona telekommunikatsiya qurilmalari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud “Telekom innovations” MCHJ, shuningdek 50 turdan ortiq telekommunikatsiya asboblari va elektr mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan “Telecom devices pro” MCHJ faoliyatini ham alohida e’tirof etish lozim.

Ahamiyatli jihati, mazkur korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, GPON modemlari, Wi-Fi, Mi-Fi va CPE routerlari, shuningdek, planshet, monoblok, IPTV set-top-box, USB modem hamda bolalar aqlli soati, CDMA-450 va GSM standartidagi statsionar va mobil telefonlar, statsionar telefonlar, GPON tizimida ishlaydigan ONT terminal, splitter kabi telekommunikatsiya qurilmalari va LED panellar, quyosh energiyasida ishlovchi ko‘cha yoritgichlari, tok o‘tkazuvchi hamda zaryadlovchi qurilma singari bir qator elektr mahsulotlarini ishlab chiqarish ham mahalliylashtirildi.

Ayni shu jabhalardagi natijalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida SHHT Samarqand sammiti doirasida “O‘zbektelekom” AK mamlakatimizdagi mavjud infratuzilmani modernizatsiyalash va bu borada hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishdi.

Ushbu tadbirda “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi SHHT Samarqand sammiti doirasida jahonda o‘z o‘rniga ega Xitoyning telekommunikatsiya jihozlarini ishlab chiqaruvchi ikki yirik – ZTE va Huawei kompaniyalari bilan hamkorlik kelishuvi imzoladi. Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari bilan respublikamizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 506,8 million AQSH dollariga teng 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Huawei va ZTE korporatsiyalari hamda “O‘zbektelekom” AK o‘rtasida jami 8 ta shartnoma imzolandi.

Loyihalarning amalga oshirilish natijasida aholining telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va qamrovi yanada kengaytiriladi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshiriladi.

 

M.Qosimova,  
O‘zA