Poytaxtimizdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida ilk bor «Franchising Expo Uzbekistan» birinchi xalqaro franchayzing ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbir “Franchayzing” uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, franchayzing – tovar yoki tijorat belgisini “ijaraga olish” ma’nosini anglatadi. Ya’ni mahsulot va xizmatni tarqatish usuli sifatida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni ko‘paytirishning bir yo‘li hisoblanadi.

Aka-uka Mak va Dik Makdonaldlar 1940 yil kichik San-Bernardino shahrida birinchi tez ovqatlanish restoranini ochadi. Xozir “McDonald’s” dunyodagi eng yirik tez ovqatlanish maskanlari tarmog‘iga aylangan. Kompaniyaga muvaffaqiyatni mazali burgerlar emas, balki “franchayzing” usuli olib kelgan. 1954 yili Rey Krok aka-ukadan eksklyuziv franchayzing agenti sifatida ishlash huquqini oldi. U tayyor biznesni boshqalarga sotib, turli joylarda restoranlar ochishga kirishdi. 1959 yilga kelib, Krok ochgan yeiakxonalar soni yuzdan oshdi. Kompaniyaning tanilishi shu qadar muvaffaqiyatli kechdiki, 1967 yildan boshlab boshqa mamlakatlarda ham franchayzalar ochila boshladi. Aynan shu usul yordamida “McDonald’s” oziq-ovqat sanoatidagi eng taniqli brendga aylandi, bu jarayon “franchayzing” tushunchasini muomalaga kiritdi.

“Franchising Expo Uzbekistan” ko‘rgazmasi – franchayzerlar va potensial franchayzerlar uchun muhim voqea bo‘ldi. Tashkilotchilarning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda franchayzing tarmog‘ini rivojlantirish, o‘zbek brendlarini ham xalqaro miqyosga olib chiqib, keng tanitish imkoniyatini yaratishdir.

Ko‘rgazmada xalqaro miqyosdagi yetakchi ma’ruzachilar, “franchayzing” orqali allaqachon katta daromadga erishgan muvaffaqiyatli tadbirkorlar, shuningdek davlat idoralari, yirik franchayzing tarmoqlari, qo‘llab-quvvatlash institutlari vakillari ham qatnashdi. Ishtirokchilar birinchi qo‘l biznesining ishonchli va manfaatli franshizalari haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Franshiza bozorining so‘nggi yangiliklari bilan tanishdi.

Tadbirda O‘zbekistonda “franchayzing” bozori istiqboli, Yevropa hududidagi hozirgi savdo tendensiyalari, franchayzing bozoriga kirishdagi huquqiy xavf, logistika xizmati franshizasi, franchayzingning afzalligi, o‘zbek brendlarini jahonga olib chiqish imkoniyati muhokama qilindi.

Shuningdek, ushbu ko‘rgazma franchayzerlar va franshiza xarid qiluvchilar manfaatli biznes hamkorligini o‘rnatish, banklar, yuridik kompaniyalar, marketing agentliklari uchun muvaffaqiyatli, barqaror o‘suvchan mijozlarni topish imkonini ham yaratdi. Servis kompaniyalari esa o‘z xizmati va tadbirkorlar uchun mavjud sharoitlari haqida so‘zlab berdi.

Dunyoning 10 davlatidan yuzdan ortiq faol xorijiy va mahalliy franshiza ishtirok etgan ko‘rgazmada restoran biznesi, riteyl, ishlab chiqarish, ta’lim, go‘zallik va salomatlik, kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha stendlar joylashtirilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA