O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSH) davlat kotibining global aloqalar bo‘yicha yordamchisi v.b. Elizabet Kennedi Tryudoni qabul qildi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston – Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” (do‘stlik guruhi)ning o‘rni va faoliyati samaradorligi ta’kidlab o‘tildi.

Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlash borasida fikr almashildi.

Xususan, ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston parlamenti va hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi muntazam siyosiy aloqalarni faollashtirish, mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, alohida tarmoqlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Bunday yondashuv barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zA